2-aprel – Xalqaro bolalar kitoblari kuni munosabati bilan O‘zbekistonda “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman!” aksiyasi o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, ular orasida kitobxonlik ko‘nikmalarini targ‘ib qilish, qolaversa, ota-onalarning e’tiborini o‘z farzandining kitob mutolaasiga qaratishdan iborat.
Mazkur aksiya davomida 2-aprel kuni Toshkent shahridagi Respublika bolalar kutubxonasi hamda O‘zbekistondagi barcha 1073 ta axborot-resurs markazida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etiladi. “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida so‘nggi yillarda chop etilgan bolalar adabiyotlari ko‘rgazmasi, o‘quvchilarning sevimli yozuvchi-shoirlari bilan uchrashuvlar, turli ma’rifiy tadbirlar, viktorinalar tashkil etiladi.
Shu kuni aksiya davomida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga taniqli bolalar shoir va yozuvchilari dastxati tushirilgan kitoblar sovg‘a qilinadi. Aksiya qatnashchilari axborot-resurs markazlarining kitob fondi, ular faoliyati bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Izoh (0)