O‘zbekistonga Prezident saylovini kuzatish uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) Bosh kotib Dmitriy Mezensev boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.
Markaziy saylov komissiyasida missiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, barcha tadbirlar belgilangan muddatlarda saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilari ishtirokida ochiq va oshkora olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va ular nomidan faoliyat ko‘rsatayotgan ishonchli vakillari tomonidan olib borilayotgan saylovoldi tashviqoti yakunlanmoqda. Barcha nomzodlarga ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishda, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda hamda saylovoldi tashviqotining boshqa shakl va usullaridan foydalanishda teng huquq berilgan.
19-martdan saylov kuni u yoki bu sababga ko‘ra o‘z yashash joyida bo‘la olmaydigan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlanib davom etmoqda.
ShHT Bosh kotibi Dmitriy Mezensev ShHT kuzatuvchilar missiyasi tarkibi tashkilotga a’zo-davlatlarning 12 nafar vakilidan iborat ekanini qayd etdi. Missiya a’zolari o‘z faoliyatida mustaqillik, siyosiy betaraflik, xolislik tamoyillariga tayanadi, xulosalarini o‘zlarining shaxsiy kuzatuvlari hamda faktlarga asoslangan materiallarga tayanib chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, ShHT kuzatuvchilar missiyasi 2014-yilgi parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini monitoring olib borish doirasida Toshkent shahri va viloyatidagi uchastka saylov komissiyalari faoliyati bilan tanishdi. Saylov yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan missiya bayonotida parlament saylovi shaffof, transparent va demokratik tamoyillar asosida o‘tgani e’tirof etildi.
Izoh (0)