“Islom.uz” tarmog‘ining “Muslimaat.uz” saytida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafotidan keyin tarqalgan turli asossiz gap-so‘zlar va ortiqcha mish-mishlardan ogoh bo‘lishga chaqirilgan murojaat chop etildi. Ushbu murojaatni matni o‘zgartirilmagan holda taqdim etamiz.
Bismillahir Rohmanir RohimUstozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari vafotlaridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda u kishining fazilatlari, benazir xislatlari, boy ilmiy meroslari va umuman u kishining sha’nlariga oid mavzularda suhbatlar, gap‑so‘zlar qizib, iliq xotiralar, kechinmalarning ifodalari avjiga chiqdi. Musulmonlarning qalblaridagi dil izhorlaridan ko‘zlarga yosh qalqdi, Hazratimizning biz bilgan‑bilmagan ko‘plab qirralari yana bir bor namoyon bo‘ldi.
“Do‘stdan ko‘ra dushman ko‘p”, degan gap hammaga ham oid emas ekan, chin olimlarning dushmanidan ko‘ra do‘sti chandon ko‘p bo‘lar ekan. Lekin “dushmanning bittasi ham ko‘p”, deganlaridek, olimning ortidan ortiqcha gap qiladigan kimsalarning bittasi ham ko‘pchilikka ozor bo‘lar ekan. Islom ummati shunday bir og‘ir musibatdan jigar‑bag‘ri ezilib, sarosimaga tushib turgan bir paytda marhum olimimizning ortidan fitna qo‘ziganlar ham bo‘ldi. Ichidagi hasadini yashirishga urinib ham o‘tirmay bor axlatini to‘kib‑solganlar ham topildi. Alloh ularga ham insof‑tavfiq bersin! Ustozimiz bu kabi bemaza ishlar vaqt ajratib javob qilishga arzimasligini ta’kidlar va “ahmoqqa sukut javob” qabilida yo‘l tutishni uqtirardilar. Alloh rahmatiga olsin, u kishining bu ishlari ham eng to‘g‘ri va yagona namunali yo‘l ekan. Biz ham ustozga ergashib, shu uslubni tutishga qaror qildik.
Ikkinchi tarafda muxlislarning ixlosi, muhabbati va his hayajoni jo‘shib, xabarlarning asosini surishtirmay, aniqlamay turib tarqatayotganlari kishini yana tashvishga soladi. Ushbu satrlarni qoralashga aynan shu ikkinchi toifa kishilarimizning harakatlari sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, o‘sha gaplarning haqiqatga yaqinlari ham ko‘p, ammo hissiyotga berilib, go‘yo musobaqa qilinayotgandek, ortiqcha mish‑mishlar ham urchib ketgani biz musulmonlarga yarashmayotir. Axir ulug‘ insonlarni o‘z maqomida eslashning o‘zi ularning fazli uchun yetarli emasmi? Fazilatlari behad bo‘lgan buyuklarimizning fazlini ko‘rsatish uchun to‘qima gaplarga hojat bormikin? Bor gapni aytishning o‘zi yetib, oshib qoladi‑ku! Ularning haqlarida o‘z aniq bo‘lmagan gaplarni aytishning o‘zi ularga tuhmat va eng katta hurmatsizlik‑ku! Iyso alayhissalomni zinodan tug‘ilgan degan yahudiylarning tuhmati ham, Allohning o‘g‘li degan nasorolarning da’vosi ham u kishining haqqida birdek haqorat, hurmatsizlik emasmi?
Keling, gapimiz quruq bo‘lmasin uchun ayrim misollarni eslab o‘taylik. Nima emish, Shayx hazratlari vafot topganlarida Madina Munavvaradagi yashil gumbaz qizarib ketganmish. Yana nima emish, Shayx hazratlari bir jiyanlarining tushiga kirib, Alloh u kishiga O‘z jamolini ko‘rsatganini aytganmishlar. Shayx hazratlari Buxoroda «Mir Arab» madrasasida hojatxonadagi ishlatilgan kesaklarni tozalab yurganini bir yaqin birodarlari ko‘rib qolgan emish. Fotihaga Arabistondan bir‑ikkita samolyotda odamlar kelganmish… Janozaga Ramazon Qodirov ham kelganmish… Endi Rossiyadagi kitob nashrlariga asosiy mablag‘ni Ramazon berarmish… Shayxning “Kamolon” masjidi hojatxonasini tozalab chiqayotganlarini bir kishi o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmish… Unday emish, bunday bo‘lgan emish… va hokazo. Bu ro‘yxatni yana ancha davom ettirish mumkin.
Aziz musulmonlar! Bu qanqasi? Shu bilan marhum Ustozning fazilatlari oshib qoladimi? U kishining ulug‘liklari shunaqa mish‑mishlar bilan namoyon bo‘ladi xolosmi? U kishining bunaqa “e’zoz”larga ehtiyojlari bormikin? Axir Ustoz hazratlari ana shunday o‘rinsiz gaplarga bir umr qarshi kurashib o‘tdilar‑ku! Nahot hech yo‘q shuni mulohaza qilmasak?!
Avvaliga bu kabi gaplarga biroz beparvo ham bo‘ldik. Ammo dedi‑dedilar ko‘payib, haddan ortiq safsatalar yoyilib borayotganini ko‘rgach, bu gap‑so‘zlarga kerakli munosabatni izhor qilishni lozim topdik. Misol uchun, yuqorida aytib o‘tilgan mish‑mishlarning asli haqiqati haqida so‘z sursak:
Joriy oyda Masjidi Nabaviydagi bir minoraga azon aytilganda yashil gumbazga qizg‘ish tus beradigan moslama qo‘yildi. Buni sakkizinchi mart kuni tajribada sinab ko‘rildi. Hazratimiz o‘ninchi mart kuni vafot topdilar va bu ikki hodisaning bir biriga umuman aloqasi yo‘q. Ammo odamlar buni ajib tarzda “bog‘lab” yuborishdi.
Tushlar masalasida ham haddan oshish bor. To‘g‘ri, solih tush nubuvvatning yigirma to‘rtdan biri va bashoratchi ekani hadislarda ta’kidlangan. Shayx hazratlari haqlarida ham ayrim solih kishilarning tush ko‘rganlari bor gap va bilgan odamlar uchun bu oddiy hol, chunki u kishining ulug‘liklari o‘zi har tarafdan ma’lum. Bu o‘z yo‘liga. Ammo baribir tush qa’tiy ilmni anglatmaydi. Zero tushning haqiqatan rahmoniy ekanini aniqlash o‘zi bir ish bo‘lsa, uning ta’birini to‘g‘ri bilish yana bir muammo. Tush ko‘ruvchining holati, rostgo‘yligi, omonatdorligi esa juda ham ahamiyatli. Yolg‘on o‘zi katta gunoh, biroq, tush borasida yolg‘on gapirish yanada katta va og‘ir gunoh, chunki bu Allohga nisbatan yolg‘on so‘zlash, U Zotga tuhmat qilishdek gap. Shuning uchun ham hadislarda yolg‘on tush aytish juda ham qattiq gunoh ekani alohida ta’kidlanadi. Agar tush ana shunday kimningdir yolg‘oni bilan tarqagan bo‘lsa, uni ko‘tarib yurish o‘sha yolg‘onga sheriklik qilish bo‘lib qoladi. Shu bois, bu borada juda ham ehtiyotkorlik darkor. Shayx hazratlari tushga berilishni, tushga suyanib gap ko‘tarib yurishni yoqtirmasdilar, odamlarning tushlari ko‘pincha xayolga berilishning natijasida ro‘y beradi, derdilar. Boshqa bir tarafdan qaraganda, hadeb tush ko‘raveradigan millat uxlayveradigan millat degani bo‘ladi.
“Mir Arab” madrasasida hojatxona kesaklarini tozalab yurganlari haqidagi gaplar… Bu gaplar Akbarjon To‘rajonzoda domlaga nisbat berilgan. Biroq, ishonchli kishilarning guvohlik berishlaricha, u odam bu gapni aytmaganini ta’kidlagan.
Umuman olganda, madrasalarda tahoratxonani tozalab, supurib‑sidirib turish doimo talabalarning vazifasi bo‘lib kelgan hamda buni har bir talaba ixlos bilan bajargan va bu hol hozir ham ularga begona emas. Boshqacha qilib aytganda, hamma joyda ham bu kabi holat bor. Buni vahima qilishning hojati yo‘q. Ammo mazkur xabarda tarqagan ma’nodagi ish ustozlarga tuhmat hisoblanadi.
“Kamolon” masjidi tahoratxonasida Shayx hazratlarini “o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan” kishining xabari ham uydirma gap. Zotan, Hazratning biror joyga tashrif buyurishlari hech qachon bexosdan, yashirincha bo‘lmagan. Qayerga borsalar, o‘sha yerdagi mutasaddilar kutib olib, kuzatib qo‘yishgan. U kishining yonlarida kechayu‑kunduz xizmatda bo‘lgan yaqinlarining ta’kidlashlaricha, Hazratimiz “Kamolon” masjidining tahoratxonasiga biror marta ham kirmagan ekanlar.
Arabsitondan samolyotda hech qanaqa odam kelgani yo‘q. Faqat shu yerdagi ayrim elchilar kelib, ta’ziya bildirib ketishdi. Chunki ular Shayx hazratlarini yaqindan tanishar, qattiq hurmat qilishar edi. Checheniston rahbari Ramazon Qodirovning janozaga kelgani haqidagi xabar ham g‘irt yolg‘on. Bunga ta’ziyaxonada bo‘lgan hamma inson guvoh. Uning Rossiyadagi Shayx hazratlariga qarashli nashriyotni moliyalashtirishi haqidagi safsata ham behuda gap ekanini Hazratning oila‑a’zolari va boshqa yaqin kishilari bir ovozdan ta’kidlashmoqda. Bor gap shuki, Chechenistonning bir qator arboblari kelib, ta’ziya bildirdilar, xolos, chunki ularning ko‘pchiligi Shayx hazratlarida ta’lim olgan ekan.
Yana kimlardir Shayx hazratlarining uch yil oldingi suratlarini vafotlaridan bir necha daqiqa oldingi surat deb tarqatishmoqda. Biror kishi xabarning qanchali ishonchli ekani haqida o‘ylab ham o‘tirgani yo‘q.
Bu tahlilni yana davom ettirish ham mumkin, ammo tushuncha va xulosa hosil qilish uchun shuning o‘zi kifoya bo‘lsa kerak. Biz bunday mish‑mishlarga quloq solmasligimiz, ularni eshitganda, o‘qiganda aniqlik kiritilishini talab qilishimiz, ularni huda‑behuda tarqatib yurganlarni tartibga chaqirishimiz darkor.
Imom Buxoriy rivoyat qiladi:
“Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhuning kotibi bunday so‘zlab berdi:
“Muoviya Mug‘iyra ibn Shu’baga: “Menga Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan biron narsangni yozib yubor”, deya maktub yozdi. Shunda u: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Albatta, Alloh sizlarga uch narsani: qiylu qolni, molni zoye qilishni va ko‘p so‘rashni xush ko‘rmaydi”, deyayotganlarini eshitdim”, deb yozib yubordi”.
“Qiylu qoli” – dedi‑dedi, mish‑mish gaplar. Demak, Alloh bunday gaplarni musulmonlarga ravo bilmas ekan.
Xulosa qilib aytganda, o‘zi ulug‘ insonlarning sha’nlarida hamisha mana shunday bo‘lmag‘ur, to‘qima gaplar tarqab kelgan. Bunday vaziyatda faqatgina ishonchli manbalardan olingan xabarlar bilan cheklanish lozim. Hozirgi so‘z yuritalayotgan mavzuni oladigan bo‘lsak, bu borada bevosita Shayx hazratlarining oila‑a’zolaridan, u kishiga tegishli bo‘lgan Islom.uz portalidan olingan xabarlarni qabul qilib, boshqalarini ushbu manbalar yordamida aniqlamay turib gapirmasligimiz darkor.
Shayx hazratlari bir umr xalqni ilm‑ma’riftga chorlab o‘tdilar. Siz bilan biz o‘qishimiz uchun tinim bilmay mehnat qilib, yuzdan ortiq asar yaratdilar. Biz u kishini hurmat qilmoqchi bo‘lsak, ulug‘lashni istasak, ruhlarini shod etishni xohlasak, marhamat qilib u kishining qoldirgan asarlarini o‘rganishimiz, ularga chin dildan amal qilishimiz lozim. U kishining fazilatlari o‘zi yetarli, o‘shalarni eslashning o‘zi kifoya. U kishidek sermahsul mehnat qilgan kishi yurtimizda yaqin‑o‘rtada chiqmagan. Bizdan lozim bo‘lgan ish – Ustozning haqlarida xayrli duoda bo‘lib, asarlarini o‘qib, uqishdir.
Ulug‘, solih insonlarni haddan ortiq ulug‘lash o‘tgan ummatlarni halok qilgan. Shirk tushunchalarning kelib chishiga ham aynan shu tur tasarruflar sabab bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘ngi vasiyatlaridan biri ham o‘zlarini ana o‘shanday ulug‘lashlaridan qaytarish bo‘lgan. Salafu xalaf ulamolarimizning, jumladan, Shayx hazratlarining ham tutumlari ana o‘sha vasiyatni mahkam ushlash bo‘lgan. Muhaddis ulamolarimiz jon olib, jon berib qilgan harakatlaridan asosiy ko‘zlangan maqsad ham asossiz gaplarni yo‘qotish edi. Biz ham o‘sha o‘tgan ulug‘larimizning ortidan borib, ko‘rsatmalariga amal qilsak, ular uchun ham, o‘zimiz uchun ham ham eng buyuk yaxshiliklarni kasb etgan bo‘lamiz. Alloh o‘tganlarimizni rahmat, qolganlarimizni hidoyatda sobit qilsin!
Izoh (0)