“Barselona” himoyachisi Jerar Pike aytishicha, oxirgi o‘yinlardagi g‘alabalar seriyasi “Barselona”ga navbatdagi El-Klasikodan oldin dadillik beradi, deb xabar qilmoqda “Uff.uz”.
“Real” 22-mart kuni Barselonaning uy maydoni “Kamp Nou”ga tashrif buyuradi. Raqiblarni musobaqa jadvalida bor-yo‘g‘i bir ochko ajratib turibdi.
“El-Klasiko olg‘a borishimizda juda muhim qadam hisoblanadi. Oldinda yana 10 ta o‘yin bor, biroq hozir jamoalarimiz musobaqa jadvalida juda yaqin turibdi. Uch ochko bizga raqibimiz ustidan muayyan ustunlikni ta’minlaydi va bu g‘alaba, ehtimol, bizga chempionlik unvonini keltirishi mumkin”, – dedi Pike.
“Men g‘alaba qozonishimizni kutyapman. Jamoamiz juda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda va ko‘plab g‘alabalarga erishdi. Hujum chizig‘imizda uchta juda kuchli futbolchi to‘p surmoqda, himoyamiz ham a’lo darajada o‘ynamoqda. Biz El-Klasikoga a’lo darajadagi kayfiyat hamda uch ochko olish istagi bilan yetib keldik. G‘alabalar seriyasi esa bunday o‘yinlardan oldin o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi. ‘Real’ so‘nggi haftalarda uncha yaxshi o‘ynamayapti, biroq El-Klasikoda ikkala jamoada ham imkoniyat teng. ‘Real’ ham ajoyib jamoa, bu esa uchrashuvga o‘zgacha tus beradi”, – deb aytib o‘tdi Pike.
Ma’lumot uchun, kataloniyaliklar barcha musobaqalarda o‘tkazgan oxirgi 6 ta o‘yinda g‘alaba qozondi.
Izoh (0)