Toshkent shahrida tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirning asosiy to‘r bahslari boshlandi. Tashkent ITF Juniors turnirida O‘zbekistonning iste’dodli tennischilaridan tashqari, Rossiya, Hindiston, Belgiya, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Polsha, AQSh, Belarus kabi davlatlardan ham yosh raketka ustalari g‘oliblik uchun kortga chiqyapti. Bu haqda “Olamsport.com” xabar beradi.
18 yoshgacha bo‘lgan tennischilar ishtirokida o‘tayotgan musobaqaning birinchi raketkasi sifatida o‘zbekistonlik Jo‘rabek Karimov qayd etilgan bo‘lib, u ilk davrada rossiyalik Nikita Valensevni 6:1, 6:2 hisobida taslim etdi. Humoyun Sultonov turnirning beshinchi raketkasi rossiyalik Lev Kazakovdan 6:3, 6:0 hisobida ustun keldi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik yana ikki tennischi o‘z uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunladi. Sharobiddin Abzalov amerikalik Damina Ayeni 7:6(5), 7:5, Saida’lo Saidkarimov esa rossiyalik Nikolay Kolabayevni 3:6, 6:0, 6:2 hisobida yengdi.
Qoraqalpog‘istonlik Sunnatilla Quttiboyev musobaqaning uchinchi raketkasi britaniyalik Aleksis Kanterga ikki setda ham bir xil 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Azizxon Turg‘unov esa belaruslik Mikalay Xalyakka 2:6, 6:2, 1:6 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Izoh (0)