Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatida nihoyat ilk g‘alabani tantana qildi. Guruhdagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, Gonkong terma jamoasi taslim etildi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
POPKI Sport Hall arenasida bo‘lib o‘tgan mazkur o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi qizlari 35:16 hisobida zafar quchdi. O‘zbekiston jamoasi tarkibida Gulmira Najmiddinova eng ko‘p 6 ta golga mualliflik qildi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Qozog‘iston terma jamoasi Indoneziyadan 68:5 hisobida ustun keldi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatining guruh bosqichida avvaliga Xitoy terma jamoasiga 25:42, keyin esa Qozog‘istonga 23:40 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Endi O‘zbekiston terma jamoasi 19-mart kuni Indoneziya bilan hisob-kitob qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo qit’asi uchun jahon chempionatiga 3,5 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, sovrinli uchlikdan joy olgan terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCh – 2015 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Bronza medali uchun bahsda mag‘lub bo‘lgan terma jamoa esa pley-offda boshqa qit’a jamoasi bilan yo‘llanma taqdirini hal qiladi.
Izoh (0)