Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatida yana mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. 24-martga qadar davom etadigan qit’a chempionati shu yilning dekabr oyida Daniyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘tab berishi bilan ahamiyatlidir, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Kecha, 15-mart kuni O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionati guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yinini Qozog‘iston vakilalariga qarshi o‘tkazib, 23:40 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. O‘zbekistonning qo‘l to‘pi vakilalari dastlabki uchrashuvda Xitoy terma jamoasiga 17 ta to‘p farqi bilan 25:42 hisobida yutqazgan edi.
POPKI Sport Hall arenasida bo‘lib o‘tgan kechagi o‘yinda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi tarkibida Yekaterina Xalimuratova eng ko‘p 6 ta golga mualliflik qildi. Qozog‘iston terma jamoasida esa Olga Tankina 9 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Xitoy terma jamoasi Gonkongdan 42:12 hisobida ustun keldi. Hozircha O‘zbekiston terma jamoasi guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo qit’asi uchun jahon chempionatiga 3,5 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, sovrinli uchlikdan joy olgan terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCh-2015 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Bronza medali uchun bahsda mag‘lub bo‘lgan terma jamoa esa pley-offda boshqa qit’a jamoasi bilan yo‘llanma taqdirini hal qiladi.
Izoh (0)