Milliy xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Sariosiyo” chegara bojxona kompleksida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bojxona chegarasi orqali yirik miqdordagi kimyoviy moddalarning noqonuniy tranzitiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy sayti.
Turkiyadan Tojikiston Respublikasiga harakatlanayotgan “Mersedes-Bens” rusumli tranzit avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 20 tonna 850 kg oltingugurt kislotasi va 2 tonna 400 kg chumoli kislotasi borligi aniqlandi. Turkiya kompaniyalaridan biri tomonidan Dushanbe shahridagi “Tojikcharm” qo‘shma korxonasiga yuborilgan ushbu yuk O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 31-iyuldagi № 293 va 2002-yil 21-fevraldagi 62-sonli Qarorlari talablarini buzgan holda mamlakatimiz hududi orqali tranzit o‘tkazish uchun maxsus ruxsatnomasiz olib o‘tilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Asosan sanoatda foydalaniladigan ushbu yukning xavfli tomoni shundaki, u narkotik vositalari va psixotrop moddalarini tayyorlash hamda qayta ishlashda prekursor, ya’ni kimyoviy unsur sifatida ishlatilishi mumkin.
Turkiyadan Tojikistonga qarab yo‘l olgan mazkur avtotransport vositasi avtoskanerdan o‘tkazilganda undagi yuklar shubhali ko‘ringanligi bilan bojxonachilarning diqqatini tortdi. Chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigi o‘tkazish maqsadida avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazish maydonchasiga olib kelindi. Yuk kuzatuv hujjatlariga asosan avtotransport vositasi oltingugurt va chumoli kislotasi yuklanganligi ko‘rsatilgan. Mazkur moddalarni tekshirib ko‘rish maqsadida namunalar olindi va tegishli xulosalar olingunga qadar ushbu transport vositasi bojxona hududida vaqtincha saqlanadi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda
Izoh (0)