O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 13-oktabrdagi Farmoni hamda “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida keksalar va nogironlar, urush va mehnat faxriylari joriy yilning mart oyidan boshlab sihatgohlarga dam olish va sog‘liqlarini tiklash uchun bepul yo‘llanmalar berish boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
Faxriylar dam oladigan sanatoriylarning barchasida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Dam oluvchilar uchun sharoitlar yaratish maqsadida kerakli anjomlar olib kelindi, keksalar uchun alohida menyu tuzildi, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar turi ortdi.
Faxriylar uchun sihatgohlarda alohida bo‘limlar tashkil etildi. Yuqori malakali shifokorlar dam oluvchilarning sog‘liqlarini doimo nazorat qilib turadi, va kerakli tibbiy, fizioterapevtik hamda reabilitatsion muolajalarni tayinlaydi. Barcha sanatoriylarda fitobarlar tashkil etilgan, bu yerda nafaqat xordiq chiqarayotgan otaxon va onaxonlar, balki ulardan xabar olishga kelgan mehmonlar ham giyohlardan tayyorlangan kokteyllarni tanovul qilishi mumkin.
Davolash ishlaridan tashqari, sihatgohlarda madaniy xordiq masalalari ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Faxriylar istaklariga ko‘ra kitob o‘qishi, shashka va shaxmatda bellashishi, kino ko‘rishi, teatr va estrada san’atkorlari ijodidan bahramand bo‘lishi mumkin.
89 yoshni qarshi olgan, Toshkent shahridan kelgan Azimov Yo‘ldoshboy, Farg‘ona vodiysidan tashrif buyurgan 88 yoshli Raimjon Bobojonov, Andijon viloyatidan kelgan 86 yoshli Tojiyeva Karomatxon va 88-yoshli Abdullayeva Xayriniso sanatoriylarda yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanligini aytdi.
Izoh (0)