O‘FF anjumanlar zalida O‘zbekiston Superkubogi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki jamoa a’zolari OAV xodimlari savollariga javob berdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
“Paxtakor” bosh murabbiyi Samvel Babayan ertaga bo‘ladigan o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishini ta’kidlab o‘tdi.
“Mavsumda 4 sovrin uchun kurashyapmiz. Superkubok, oliy liga, kubok va Chempionlar Ligasi. Har bir bahsda g‘alaba uchun maydonga tushamiz, – dedi Babayan. – Mavsum boshlanishida ajoyib bayram kuzatiladi. Biz ishqibozlarga xursandchilik ulashishga va chiroyli futbol namoyish etishga intilamiz.
Futbolchilar o‘yinga tayyor. Tiklanish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ldik”.
Shuningdek, u eng yaxshi murabbiy bo‘lishida ota-onasi va ustozlarining hissasi katta ekanligini qayd etdi: “Bu yutuqni ularning muvaffaqiyati sifatida bilaman. Bu mening birinchi shaxsiy sovrinim. Bu menga katta mas’uliyat yuklaydi”.
Samvel Babayan “Lokomotiv” tarkibini o‘zgartirgani va yaxshi saviyadagi futbolchilar bilan shartnoma imzolaganini ham yodga oldi: “Jamoa hujumkor o‘yin namoyish qiladi. Raqibni o‘rgangan holda o‘yinga reja tuzib, bor kuchimizni berishga urinamiz. Ertaga barchasini ko‘rib olishimiz mumkin”.
“‘Shabab’ bilan uchrashuvda ba’zi himoyachilarning xatosi ro‘y berdi. Bunday holat yuz berib turadi, – deb qo‘shimcha qiladi murabbiy. – O‘sha holatlarni birgalikda o‘rganib chiqdik.
O‘yin davomida jamoa har qanday holatda uslubni o‘zgartirishga tayyor turishi kerak. Buning ustida mashg‘ulotlarda ishlaymiz. Oxirgi uchrashuvlarda qilgan mehnatimiz besamar ketmadi. Futbolchilarda jamoa uchun borini berish jihati ham bo‘lishi kerak. O‘yinchilarimiz uchun ‘Paxtakor’ ramzi ko‘p narsani anglatadi. Ular katta maosh yoki mukofot pullari tufayli bizning tarkibda maydonga tushmaydi.
Olimpiya terma jamoasiga chaqirilgan futbolchilar borasida terma jamoa murabbiylar shtabi bilan muhokama qilamiz. Asosiy tarkib o‘yinchilarining ketishi ta’sir qilishi mumkin. 1-tur o‘yinini qoldirish kerak emas. 8-martdagi o‘yindan keyin ushbu masalani muhokama qilishga kirishamiz”.
Izoh (0)