“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini ta’minlash doirasida ishlab chiqilgan O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining hududiy bo‘limlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvaliga asosan 2015-yilning 19-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limida agentlik rahbari V. Ismoilovning sayyor qabuli o‘tkazildi. Bu haqda agentlikning axborot xizmati xabar beradi.
Uchrashuv ko‘rinishida tashkil etilgan ushbu tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i va mutaxassislari hamda avtomobil transportida yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning vakillari ishtirok etdi.
Agentlik boshlig‘i V. Ismoilov, avvalo, 2014-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumot berdi, jumladan, murojaatlarning shakllari, turlari, ularga qo‘yiladigan talablar, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, muddatlari, murojaatlarni ko‘rmay qoldirish asoslari, ularni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlari, moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka oid qoidalar haqida ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng avtokorxonalarning vakillari o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar yuzasidan shikoyat va takliflar bilan murojaat qildi. Agentlik boshlig‘i barcha savollarga batafsil javob berdi.
Xususan, “Qal’alik avtotrans” MChJ vakili tegishli litsenziya hujjatlarisiz avtotransport xizmati ko‘rsatayotgan tashuvchilardan shikoyat qilib, “kirakash”lar faoliyatini tugatish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, V. Ismoilov tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida shaharlararo va xalqaro tashuvlarga litsenziya olish uchun Toshkentga bormasdan, hujjatlarni Internet orqali yuborish va tayyor litsenziyalarni hududiy bo‘limning o‘zida qabul qilib olishga imkon beruvchi tizim ishlab chiqilayotgani va u 2015-yilning uchinchi choragida to‘liq joriy etilishini ta’kidlab o‘tdi.
Qabul yakunida tadbirkorlarga muammoli masalalar, takliflar va shikoyatlar bilan Agentlik boshlig‘iga elektron pochta orqali bevosita murojaat qilish mumkinligi eslatildi.