O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarov 2-mart kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “O‘zA”.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasi raisi O.Mirzayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Nazarov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov nutq so‘zlab, saylovchilarga o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Dasturda xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, korxonalarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, biznes tuzilmalarining ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Shuningdek, ijtimoiy taraqqiyot dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, birinchi navbatda, tuman va shaharlar miqyosida jamoatchilik nazorati yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy ahamiyatga molik, fuqarolik tashabbuslarini yoqlash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish hamda homiylik faoliyatini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda Xo‘jaobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabi direktori M. Xudoyberdiyeva, Izboskan ijtimoiy iqtisodiyot kasb-hunar kolleji direktori Yu.Nishonova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 29-mart kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)