“Lokomotiv” o‘zbek klublarining Osiyo chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatini davom ettira olmadi. Jamoa Ar-Riyodda “Al-Hilol”ga har tomonlama mag‘lub bo‘ldi. Aytish mumkinki, Vadim Abramovning haddan tashqari tavakkalchiligi mag‘lubiyatning bosh omili bo‘ldi, deb yozadi “Stadion.uz”.
Birinchidan, murabbiy boshlang‘ich tarkibga birdaniga 8 nafar yangi futbolchini kiritdi. Balki, bu ushbu futbolchilar hozirda eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishi mumkin, ammo tanlangan taktikada ularning hali o‘zaro tushunuvchanligi idealdan uzoqligi ko‘rindi.
Ikkinchidan, o‘yinga tanlangan taktik sxema va strategiya “Loko”ning bugungi kuni uchun mutlaqo mos emasdi. Abramov 3 nafar himoyachi bilan o‘ynab, individual jihatdan kuchli bo‘lgan arab futbolchilari uchun keng zonalarni yaratib berdi. Boz ustiga, yangi tarkib bilan to‘pni nazorat qilishga asoslanib hujumkor o‘yin ko‘rsatish o‘zini oqlamadi.
Uchinchidan, murabbiy raqib kuchini inobatga olmadi. Axir “temiryo‘lchilar” OChLning o‘tgan mavsumida finalgacha yetib borgan jamoa bilan o‘ynayotganini, muxlislar ularni qizg‘in qo‘llab-quvvatlashini his qilishi kerak edi. Ayniqsa, o‘yinning dastlabki 15 daqiqasida o‘zbekistonliklar yuqori konsentratsiya bilan o‘ynashlari talab etilardi.
To‘rtinchidan, hisob 2:1 bo‘lib turgan paytda, 62-daqiqadayoq uch himoyachidan biri - Mullajonovni maydondan olib, yarim himoyachi Jasur Hasanovni tushirdi. Natijada maydonda ikki nafar nominal himoyachi qoldi. To‘g‘ri, Luftulla To‘rayev va Zoteyev himoyaga yordam berib turishdi, ammo bu bizni uchinchi goldan qutqarib qola olmadi. Aynan uchinchi goldan keyin “Lokomotiv” o‘yinni tashlab yubordi.
“Lokomotiv” ijobiy natijaga erishish mumkin edi, agar o‘yin boshida va ikkinchi bo‘limda Ruslan Koryan imkoniyatlardan foydalanganida, balki durangga umid qilish mumkin edi.
“Al-Hilol”ga qarshi o‘yinga ehtiyotkor tanlamagani, hujumkor o‘yin uslubi tanlangani o‘zini oqlashi mumkin, qachonki jamoamiz bugungi o‘yin orqali mana shu uslubni takomillashtirish uchun xizmat qilsa va keyingi bahslarda bu narsa “Lokomotiv”ga xizmat qilsa.
OChL. “C” guruhi, 1-tur
“Al Hilol” − “Lokomotiv” 3:1
Gollar: Saud Kaririy (11), Yusuf as-Salim (14), Tiagu Neves (71) — Sardor Mirzayev (39)
Ogohlantirishlar: Yusuf as-Salim (41), Salmon al-Faraj (49) — Islom To‘xtaxo‘jayev (35), Lutfulla To‘rayev (53)
“Al Hilol”: 28.Abdulloh as-Sdayriy, 7.Neves Augosto Tiagu, 12.Yosir ash-Shahroniy, 13.Salmon al-Faraj, 14.Saud Kaririy (S), 16.Yusuf as-Salim (Faysal Darvish 82), 18.Abdulloh Otayf, 19.Xolid Ka’biy, 23.Kvak Te Xvi, 26.Digao, 77.Georgios Samaras (Abdulaziz ad-Davsariy 62)
“Lokomotiv”: 44.Abrorjon Karimov, 3.Shavkatjon Mullajonov (Jasur O.Hasanov 62), 7.Ruslan Koryan, 8.Sardor Mirzayev, 11.Temurxo‘ja Abduxoliqov (Jasur J.Hasanov 58) , 13.Lutfulla To‘rayev (Dilshod Rahmatullayev 76), 18.Temur Kapadze (S), 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 22.Sanjar Shoahmedov, 31.Nemanya Yanichich, 33.Oleg Zoteyev
Bosh hakam: Kim Chjong Xyok (Janubiy Koreya)
Izoh (0)