2015-yilning 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston – Finlandiya siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ishtirok etish uchun Finlandiya Respublikasi TIVning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo ishlari departamenti bosh direktori Teri Hakala rahbarligidagi delegatsiya Toshkent shahriga keldi, deb xabar berildi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida.
Muloqot davomida hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi, qator xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning ijobiy sur’ati qayd qilindi. Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, avvalo Finlandiyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekistonning turli hududlarida, jumladan xorijiy sarmoyadorlarga qulay soliq va bojxona sharoitlari yaratilgan “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalari negizida elektrotexnika, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda Finlandiya elchisi Niklas Lindqvist ishtirok etdi.
Izoh (0)