2016−2017-yillarda butun O‘zbekiston hududi bo‘ylab 2G/3G va 4G texnologiyalari joriy etilgan UzMobile GSM tarmog‘ini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda kompaniya vakillari 19-fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan UzMobile filialining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
2014-yil 12-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2126 sonli “Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Qaroriga muvofiq, 2015-yil mart oyidan UzMobile’ning GSM tarmog‘i Toshkent shahri va Toshkent viloyatida foydalanishga topshiriladi.
UzMobile abonentlari uchun qulay va arzon tarif rejalari, shuningdek, har ikki: CDMA-450 EV-DO hamda GSM 2G/3G hamda 4G LTE standartlari ustunliklaridan foydalangan holda sifatli xizmatlar taqdim etishda davom ettiriladi.
Qayd etilishicha, UzMobile’ning CDMA tarmog‘i hozirda O‘zbekiston bo‘ylab 500 mingga yaqin abonentga xizmat ko‘rsatib keladi. Bu jami abonentlarning 2,3 foizini tashkil etadi. Umuman esa, “O‘zbektelekom”ning UzMobile filiali uchun 8 million raqam ajratilgan.
Izoh (0)