O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 18-fevral kuni Namangan va Andijon viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Namangan viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining raisi G‘.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Mamatkarimov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat’i nazar, O‘zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlash, mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda hamda milliy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta’minlashda mahallaning rolini yanada kuchaytirish keng o‘rin olgan.
Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyat kengashi raisi O.Mamadaliyev va boshqalar nomzodning dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu dasturda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Andijon viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasining raisi O.Mirzayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili K.Otaxonov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi va nodir madaniy-tarixiy merosini targ‘ib qilish uchun turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish, aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish, bunda rivojlanishning ustuvor sohasi sifatida uy-joy qurilishi va infratuzilma hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston madaniy yodgorliklari, shaharlarining milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor berilgan.
Uchrashuvda viloyat pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti kafedra mudiri M.Oxunov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)