O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Tailandda tashkil etilgan “Qirol Kubogi”da ishtirok etib, musobaqani so‘nggi o‘rinda yakunlagan edi. Turnirni Janubiy Koreyaga qarshi mag‘lubiyat bilan boshlagan O‘zbekiston vakillari 2-turda mezbonlardan ustun kelgandi. So‘nggi bellashuvda esa Gondurasdan yengildi. O‘zbekiston terma jamoasi safardan qaytib kelgach, “Lokomotiv” hujumchisi Alisher Shog‘ulomov bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Savol: Alisher, avvalo musobaqa haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
Javob: Musobaqa juda yaxshi tashkil etilgan, deb bemalol ayta olaman. Tashkilotchilikdan tortib, ishtirokchilargacha barchasi joy-joyida. Qolaversa, Tailandda futbolni yaxshi ko‘rishar ekan. Stadionlarda futbol atmosferasi yaqqol sezilib turdi. Qisqasi, maydonga tushib futbol o‘ynashingiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Savol: Raqiblar to‘g‘risida qanday fikrdasiz?
Javob: Aytganimdek, musobaqaga kuchli terma jamoalar taklif etilgan ekan. Janubiy Koreya ham, Gonduras va mezbonlar ham juda yaxshi o‘yinlar namoyish qilib berdi. Shu qatorda biz ham yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Gonduras fizik-taktik tomondan kuchli ekan. Tailand esa tez o‘yini orqali menga manzur bo‘ldi.
Savol: Lekin natija xunuk ko‘rinish oldi. Atigi to‘rt ishtirokchi orasida so‘nggi o‘rinni egallash kishini hayron qoldiradi?!
Javob: Ha, shunaqa bo‘lib qoldi. Men har doim fikrimni erkin gapirishga o‘rganganman. Shuning uchun bu safar ham shaxsiy fikrim bilan o‘rtoqlashaman. Nazarimda musobaqadagi bunday ishtirokimizda murabbiylarning aybi bor. Nega? Chunki tarkibga futbolchi jalb qilish borasida xatoga yo‘l qo‘yilganga o‘xshaydi. Terma jamoaga chaqirilgan aksar o‘yinchilarni umuman taniganim yo‘q. Ular bilan musobaqa davomida tanishdim. Bosh murabbiy yordamchisi Aleksey Yevstafeyev o‘zi ishlayotgan klub “Neftchi”dan ko‘plab futbolchilarni jalb qilgan.
Savol: Ularning barchasi uchrashuvlarda maydonga tushdimi?
Javob: Ha, lekin qizig‘i, ayrim o‘yinchilar umuman maydonga tushgani yo‘q. Bu rasmiy musobaqa bo‘lmasa, uni shunchaki sayohatga olib borib kelishdan nima naf? Undan ko‘ra, klubga tashlab ketsin, jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy olib uchun mashg‘ulotlarda ter to‘ksin. Rasmiy musobaqa bo‘lsa, futbolchini birorta uchrashuvda maydonga tushmasligini to‘g‘ri tushunish mumkin, ammo o‘rtoqlik maqomidagi musobaqalarda ham zaxirada qolib ketish g‘alati emasmi? Yo‘qotilgan vaqt futbolchining ziyoniga xizmat qilishi haqiqat-ku!
Savol: Terma jamoaga taklif qilingan o‘yinchilarni tanimasligingiz bu murabbiylarni ayblashga sabab bo‘lmaydi. Aleksey Yevstafeyev qo‘l ostidagi o‘yinchilarni sizdan yaxshiroq biladi.
Javob: Albatta. Fikrimni to‘g‘ri tushuning, men ularni kuchsiz demoqchi emasman, lekin “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Nasaf” kabi jamoalarda ulardan kuchliroq o‘yinchilar bor. Bitta faktga real qarash kerak: “Neftchi” o‘tgan yili oliy ligada nechanchi o‘rinni qo‘lga kiritdi? Shuni ham hisobini olish kerak emasmi?
Savol: O‘zingiz musobaqa davomida nechta uchrashuvda maydonga tushdingiz?
Javob: 1-turda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdim. Qolgan uchrashuvlarda zaxirada qoldim.
Savol: Balki shuning uchun murabbiyni ayblayotgan bo‘lsangiz kerak?
Javob: Yo‘q. Chunki zaxirada qolib ketganimdan jaxlim ham chiqmadi, alam ham qilmadi, xafa bo‘lganim ham yo‘q. Demak, koreyslar bilan o‘yinda o‘zimni ko‘rsata olmaganman yoki murabbiylar qolgan bellashuvlarda maydonga mendan kuchliroq hujumchilarni tushirgan. Futbolchi zaxirada qolib ketgani uchun aybni murabbiydan emas, o‘zidan izlashi lozim. Men ham shunday o‘yinchilar toifasiga kiraman. Yuqoridagi fikrlarimni bunga bog‘liqlik joyi yo‘q.
Savol: Aslida Aleksey Yevstafeyev bilan bir necha yillardan buyon yaxshi munosabatda emasligingizni eshitganmiz.
Javob: To‘g‘ri, bunga bir qator sabablar bor. Xususan, Aleksey Vladimirovich ortimdan yaxshi gap gapirmagan. Shuning uchun munosabatimiz iliq emas. Aniqrog‘i, u kishini menga bo‘lgan munosabati yaxshimas. Bir narsada adashmang, men Shuhrat aka Maqsudovni juda qattiq hurmat qilaman. Xuddi akamday bo‘lib qolgan. Aniqrog‘i, u shogirdlariga akadek munosabatda bo‘ladi. Haqiqiy vatanparvar. Yurti uchun jonini berishga ham tayyor insonlar toifasiga kiradi.
Savol: Futbolchi murabbiyni ayblashi odob doirasiga kirmaydi?! Qolaversa, siz hali ko‘pni ko‘rmagan yosh o‘yinchisiz?!
Javob: Bilaman. Men hech qachon klubdan-klubga o‘tganimda murabbiylarim haqida yomon fikr aytmaganman. Qolaversa, terma jamoalarga chaqirilmaganimda ham ustozlarim ortidan yomon gap aytmaganman. Qaytaraman, men Shuhrat aka haqida indaganim yo‘q. Vaholanki, bittagina o‘yinga tushdim. Maydonga tushirishni bosh murabbiy hal qiladi. Agar murabbiylarni yomonlayverganimda meni zaxirada qoldirgan Shuhrat akadan ayb izlardim. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, bu inson menga xuddi akadek. Tailandga borib zaxirada qolib ketgan bo‘lsam, bu mening aybim. Bosh murabbiyning emas! Maqsudovga hech qanday xusumatim yo‘q.
Savol: Olimpiya terma jamoasida Shuhrat Maqsudovning o‘rni qanday? Ya’ni barcha qarorlarni o‘zi qabul qiladimi?
Javob: Bilmadim. Sababi, murabbiylar o‘rtasidagi gap-so‘zlardan xabarim yo‘q. Ammo tushunishimcha, Aleksey Yevstafeyev ham so‘nggi qarorlarni qabul qilishda faollik ko‘rsatadi. Aniqrog‘i, u ham ko‘p narsalarni hal qiladi.
Savol: Garchi o‘sha vaqtda oliy liga klubining asosiy tarkibida o‘ynagan bo‘lsangiz-da siz na o‘smirlar va na yoshlar termasi bilan jahon chempionatida ishtirok etmadingiz. Bu ham o‘sha terma jamoalarning murabbiylari orasida Aleksey Yevstafeyev borligi bilan bog‘liqmi?
Javob: Bunday demagan bo‘lardim, ammo bu ham sabab. Aytmoqchimanki, o‘sha vaqtda tarkibda mendan kuchli hujumchilar bo‘lgandir va murabbiylar ularga ishonch bildirgan. Biroq Vladimirovich bilan munosabatimiz ham termaga chaqirilmaganimga qandaydir sabab bo‘lgan bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. O‘ylashimcha, ba tabiiy hol.
Savol: Aytingchi, Olimpiya terma jamoamiz shu murabbiylar bilan ko‘zlangan maqsadga erishib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?
Javob: Murabbiylarga baho berish niyatim yo‘q. Kim qanday mutaxassis ekanligini barcha biladi. Hozir bir aniq fikrni aytaman: men terma jamoada murabbiylardan ko‘ra, futbolchilarga ko‘proq ishonaman. Sababi, terma jamoada kuchli, iqtidorli o‘yinchilar juda ko‘p. Ular bilan bemalol ko‘zlangan maqsadga erishsa bo‘ladi. Faqat futbolchilarni o‘yinlarga to‘g‘ri tayyorlab, to‘g‘ri yo‘nalish berish kerak. Shundagina nimagadir erishish mumkin.
Savol: Bu intervyudan keyin sizni boshqa terma jamoaga chaqirmasliklari mumkin. Shu haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?
Javob: Albatta o‘ylab ko‘rdim. Siz aytgan vaziyatga tushishimni oldindan his qilib turibman. Lekin shunday bo‘lsa-da, o‘z fikrimni bildirishni lozim deb topdim. Agar terma jamoaga boshqa taklif qilishmasa, hech kimdan xafa bo‘lmayman. Murabbiylardan ham gina qilib o‘tirish niyatim yo‘q. Shuning uchun fikrimni aytdim-qo‘ydim.
Terma jamoada o‘ynash har bir futbolchi uchun faxr, chunki bu yurt sharafini himoya qilish deganidir. Buning uchun, avvalo, shunga loyiq bo‘lish kerak. Meni taklif qilishmasa, demak, o‘z ustimda ko‘proq ishlashim lozim bo‘ladi. Bu tarkibda mendan kuchli hujumchilar bor, deganidir. Shuning uchun hozirdanoq mashg‘ulotlarda ishlab, “Lokomotiv”da o‘zimni ko‘rsatib, 25-fevral kuni start oladigan Chempionlar ligasida jamoamga yordam berishni rejalashtiryapman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Har qanday murabbiy qo‘l ostida kuchli futbolchi to‘p surishini istaydi. Bunga loyiq bo‘lsam, taklif bo‘lishi aniq.
Savol: Aleksey Yevstafeyev haqida shuncha gapni gapirgandan ko‘ra, uzoq yillik ko‘rinmas adovatni yo‘q qilish uchun o‘zi bilan yakkama-yakka gaplashib olsangiz bo‘lmaydimi?
Javob: Kuchli murabbiy qo‘l ostidagi futbolchilar bilan har qanday holatda ham til topishishi kerak. Shogirdining ko‘ngliga yo‘l topsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Chunki hammaning xarakteri har xil. Murabbiylikning mas’uliyati ham shunda aslida. Aleksey Yevstafeyev bilan gaplashib olishim uchun avval u men bilan gaplashishni xohlashi lozim. Aks holda vaziyat shu holatda turaveradi.
Savol: Bugungi intervyudan keyin yosh, iqtidorli hujumchi yaqin kelajakda milliy terma jamoada o‘ynash imkoniyatidan mahrum bo‘lish ehtimoli bor. Sababi, tan olaylik, odatda murabbiylarimiz o‘zlari haqida tanqidiy fikrlarni bildirgan o‘yinchilarga yaxshi munosabatda bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib aytsak, bugungi gaplaringizdan kelajakda ham afsuslanmaysizmi?
Javob: Yo‘q. Nega afsuslanaman?! Aytganimdek, terma jamoada o‘ynash uchun avvalo unga loyiq bo‘lish lozim. Klubda o‘zimni ko‘rsatsam, nega murabbiylar meni terma jamoaga taklif qilmasin?! Agar bugungi intervyu sabab terma jamoadan boshqa taklif olmasam ham xafa bo‘lmayman va gaplarimdan afsuslanmayman. Albatta, terma jamoada o‘ynash sharaf, ammo nailoj. Klubda o‘zimni ko‘rsatsam, muxlislar kim aslida kimligini bilib oladi. Qolgani taqdir!
Savol: Futbolchini klubdan olib, o‘rtoqlik maqomidagi o‘yinlarda ham maydonga tushirmaslik o‘yinchining klubdagi faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin-ku?! Ya’ni klubda ham, terma jamoada ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasa, bu unga ta’sir qilishi aniq-ku!
Javob: To‘g‘ri, ammo futbolchi uchun klub terma jamoa oldida ikkinchi darajali sanaladi. Terma jamoada to‘p surish hammaga ham nasib qilavermaydi. Siz aytgan fikrlarda ham jon bor. Aksar o‘yinchilar bu haqida o‘ylagan bo‘lsa ham kerak. Biroq terma jamoa bu Vatan degani. Vatan, yurt sharafini himoya qilish muqaddasdir!
Savol: Endi yana “Qirol Kubogi”dagi ishtirok haqida ikki og‘iz. Janubiy Koreyaga qarshi bahsda yaxshi o‘ynadik deyildi-ku, ammo natija ular foydasiga. Buni qanday tushinish kerak?
Javob: Oddiy. Bizga omad kulib boqmadi. Raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun juda ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Xususan, o‘zim bosh bilan darvozani nishonga olgandim, to‘singa tegib qoldi. Hujumlarimiz golga aylanishiga yaqin qolganida kutilmagan ikkita qizil kartochka rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Hozir ko‘pchilik futbolchilarni ayblamoqda. Men unday demagan bo‘lardim. Ularning har ikkisi ham atayin qilgani yo‘q. Shunchaki, o‘yinda bo‘lib turadigan holatlar sodir bo‘ldi. Hamma inson, adashadi.
Savol: Uchrashuvdan keyin Tohirga qanday munosabatda bo‘lindi?
Javob: Hamma uning ko‘nglini ko‘tardi, qo‘llab-quvvatladi. Tohirning o‘zi esa atayin qilmaganini aytib, barchadan kechirim so‘radi.
Savol: Koreyslarning o‘yini haqida qanday fikrdasiz?
Javob: Koreyslarning murabbiyi kuchli ekanligi sezilib turdi. Futbolchilarning saviyasi yaxshi, ammo biz ulardan kuchliroq edik. Shunchaki, bizga taktik tomondan to‘g‘ri yo‘nalish berilganida, albatta, yutardik. Raqib aynan shu jihat, murabbiyning kuchliligi evaziga bizdan ustun keldi.
Izoh (0)