O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yil 10-fevral kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi, deb xabar bermoqda “Xushnudbek.uz”.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida elchixonalarni joylashtirish uchun o‘zaro binolar va yer uchastkalarini taqdim etish to‘g‘risida 2014-yil 19-avgust kuni Pekin shahrida imzolangan Bitim tasdiqlandi.
Xalqaro shartnomani tasdiqlash haqidagi Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat tartib-taomillari bajarilgani to‘g‘risida tegishli bildirishnoma yo‘llashi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlashi belgilab qo‘yildi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)