O‘zbekistonlik iqtidorli futbolchi Asror G‘ofurov Turkiya chempionatida o‘z kuchini sinab ko‘radigan bo‘ldi. “Paxtakor” jamoasi tarbiyalanuvchisi sanaladigan 20 yoshli yarim himoyachi Turkiya birinchi ligasida ishtirok etuvchi “Manisaspor” jamoasi bilan shartnoma imzoladi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Iqtidorli futbolchi 1995-yil Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Futboldagi ilk saboqlarini “Paxtakor” futbol akademiyasida olgan.
“Futbolga yoshligimdan mehr qo‘yganman. Dastlab mahallada o‘rtoqlarim bilan futbol o‘ynardik. “Millionlar o‘yini”ga bo‘lgan muhabbatim borgan sayin ortib bordi va shu boisdan 2007-yil “Paxtakor” futbol akademiyasiga keldim. Bu yerda Shuhrat aka Rahmonqulov qo‘l ostida mazkur o‘yinning sir-asrorlarini o‘rgana boshladim. 2011-yil “Paxtakor”ning ikkinchi ligadagi jamoasi safida to‘p surdim. Harakatlarim murabbiylarga ma’qul kelgan ko‘rinadi, kelasi yildan birinchi ligadagi jamoada va o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tusha boshladim. Ikki yil davomida aynan mazkur jamoada mahoratimni oshirishga intildim”, — dedi Asror “Paxtakor”dagi faoliyati to‘g‘risida.
“2014-yilda esa meni turk jamoasida ko‘rikdan o‘tishga taklif etishdi. Mazkur taklifni rad eta olmadim. Boisi yoshligimdan Yevropa jamoalarida o‘ynab, muxlislarning sevimli futbolchilaridan biri bo‘lishni orzu qilaman. Taklif birinchi liga jamoasi – “Buchaspor”dan tushgan bo‘lsa-da uni jon deb qabul qildim. Sababi quyi divizion bo‘lsa ham turk jamoasida o‘ynash – keyinchalik kuchliroq chempionatga yo‘l olishda poydevor vazifasini o‘tashi mumkin, deb hisobladim.
Shu tariqa o‘tgan yili avgustda “Buchaspor” yig‘iniga kelib qo‘shildim. Mazkur jamoada 40 kun davomida ko‘rikdan o‘tdim. Deyarli barcha masalalar hal bo‘lgandi, biroq jamoada moliyaviy muammolar bor ekan. Shu sababdan bu klub bilan shartnoma imzolamadim va mashhur “Beshiktosh” klubi tomon ravona bo‘ldim.
“Beshiktosh”ning U-21 jamoasi tarkibida mashg‘ulotlarda ishtirok etdim. U yerda o‘zim uchun juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Shu orada “Manisaspor” jamoasidan yaxshi taklif tushdi. Biroz o‘ylab ko‘rgach, mazkur jamoa yig‘iniga kelib qo‘shilishga qaror qildim. “Beshiktosh”dan olingan ijobiy taassurotlar bilan “Manisa”ga keldim. Jamoaning yig‘inida ishtirok etdim. O‘zimni har tomonlama ko‘rsatishga intildim. Murabbiylar shtabiga harakatlarim ma’qul keldi va shu tariqa “Manisaspor” bilan shartnoma imzoladim.
Shartnoma muddati 3,5 yilga mo‘ljallangan. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi katta ishonch bildirdi. Endi mana shu ishonchni oqlash uchun qattiq mehnat qilaman. Oldimga “Manisaspor”ning yetakchi futbolchilaridan biriga aylanishni maqsad qilib qo‘ydim. Ushbu klub safida o‘zimni ko‘rsatish orqali keyinchalik Yevropaning boshqa kuchliroq chempionatlarida o‘z kuchimni sinab ko‘rmoqchiman. Umid qilamanki, ushbu niyatim amalga oshadi”, - dedi 20 yoshli yarim himoyachi.
- Maydondagi o‘rni: Yarim himoyachi;
- Bo‘yi: 180 sm;
- Og‘irligi: 70 kg.
Izoh (0)