18-19-fevral kunlari 2000-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining joriy yil hisobidan ilk yig‘ini o‘tkaziladi. Temur Olimxo‘jayev murabbiylik qilayotgan bu yosh toifasidagi terma jamoa shu yil kuzda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatining saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘radi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘smirlari 23-30-mart kunlari Yaponiyada o‘tkaziladigan xalqaro turnirda ham ishtirok etadi. Ayni paytda esa terma jamoa murabbiylari tomonidan seleksiya ishlari davom ettirilyapti. Bosh murabbiy Temur Olimxo‘jayev ayni shu mavzu yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
Savol: Temur aka, jamoangiz uchun mas’uliyatli davr boshlanmoqda. 2000-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz bu yil kuz oylarida Osiyo chempionatining saralash bahslarida ishtirok etadi. Terma jamoaning tayyorgarlik rejasi tasdiqlandimi?
Javob: O‘FF Terma jamoalar markazi tomonidan har bir terma jamoa uchun yillik rejalar tuzib chiqilgan. Bizning rejamiz yaqin kunlarda rasman tasdiqlanadi. Ilk rejaga ko‘ra, 2015-yil hisobidan dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 18-19-fevral kunlari Toshkentda o‘tkazamiz. Qisqa muddatli yig‘inda turli mintaqalardan taklif etilgan nomzod futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazib olamiz.
Savol: Yig‘inga taklif etilganlar ro‘yxati aniqmi?
Javob: Kengaytirilgan tarkibdan 50 nafar futbolchi joy olgan. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Mash’al”, “Andijon” klublaridan chaqirilgan o‘yinchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Lekin bu klublar tarkibida faqat o‘sha shahar futbolchilari bor degani emas. O‘yinchilar geografiyasi keng. Deyarli barcha viloyatlardan nomzodlar bor.
Savol: Seleksiya ishlariga o‘zingiz bosh-qosh bo‘lyapsizmi?
Javob: Albatta. O‘zim bevosita seleksiya jarayonida ishtirok etaman. Masalan, o‘tgan yili noyabr oyida Navoiy viloyatida bo‘lib, taklif etilgan iste’dodli futbolchilarning o‘yinlarini ko‘rib qaytdim. Bundan tashqari, “Mash’al” akademiyasida ham bo‘ldim. Buxoroda o‘tkazilgan tayyorlov guruhlari o‘rtasidagi mamlakat birinchiligi bahslarini kuzatdim. Aynan mana shu musobaqa yakunida bir necha futbolchi ismi-sharifini o‘z yon daftarchamga yozib oldim. Ma’lumki, har bir viloyatda seleksioner-murabbiylar faoliyat olib boradi. Ular bizga iste’dodli yoshlarning ro‘yxatini taqdim etadi. Shu asosda ham o‘yinchilarni saralab olamiz.
Savol: Odatda, bu yosh toifasida jamoani o‘z ortidan ergashtira oladigan, qiyin vaziyatlardan olib chiqib ketadigan yetakchilar juda kam bo‘ladi. 1994-yilda tug‘ilgan o‘smirlar terma jamoamiz bundan mustasno. Temur Hakimov, Abbos Maxstaliyev kabi futbolchilar Meksikadagi mundialda porlagan edi. Siz murabbiylik qilayotgan jamoada shunday yetakchilar bormi?
Bunday futbolchilar yo‘q, deya olmayman. Lekin 14-16 yosh paytda o‘smirlar o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bir kun yaxshi o‘ynasa, ertasiga o‘yini chiqmaydi. Bu yoshda bolalarning fiziologiyasi, psixologiyasi va xarakterida o‘zgarishlar kuzatiladi. Tabiiyki, bu holat maydonda ham aks etadi. Meni xursand qiladigan jihat, siz aytgan yetakchi futbolchilar bizning jamoamizda bor. Ulardan umidim katta.
Savol: Qaysi chiziqlardan ko‘nglingiz to‘lmayapti?
Javob: Hozir bu savolga aniq javob bera olmayman. Boisi, o‘tgan yildan beri futbolchilar endi yig‘iladi. Ularning qanday holatda terma jamoa yig‘iniga yetib kelishi menga qorong‘u. Mobodo, nomzod futbolchilar o‘yinida pasayish yuzaga kelgan bo‘lsa, ularning o‘rniga boshqalarini chaqiramiz. Terma jamoa hech qachon bitta futbolchiga suyanib qolmasligi kerak, ayniqsa, bu yosh toifasida. Keyin menga har tomonlama tayyor bo‘lgan futbolchilar kerak. Biz o‘tgan yili so‘nggi bor noyabr oyining oxirgi o‘n kunligida yig‘in o‘tkazgan edik. Toshkentda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini chog‘ida ikkita nazorat bahsi o‘tkazib, ikkalasida ham bir xil - 6:0 hisobida g‘alaba qozongan edik. Dastlabki uchrashuvda FMI-99, keyin esa Toshkent viloyat o‘smirlar terma jamoasini taslim etgandik.
Savol: Terma jamoaga nomzod o‘yinchilar holatini nazorat qilib borish yuzasidan klublar bilan aloqalar o‘rnatilganmi?
Javob: Albatta. Ayniqsa, “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Mash’al” kabi jamoalar bilan doimiy aloqadamiz. Bu klublarda maxsus ilmiy guruh bo‘lib, har bir futbolchi haqidagi ma’lumotlarni yetkazib turadi. Bundan tashqari, o‘zim ham, yordamchilarim ham o‘yinchilarni kuzatib boramiz.
Savol: Iste’dodli yoshlarning kashf etilishi uchun ko‘proq turnirlar o‘tkazilishi lozim. Sizningcha, bizda bolalar uchun tashkil etilayotgan musobaqalar yetarlimi?
Javob: Musobaqalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Aynan mana shunday o‘yinlarda iste’dodlar yuzaga chiqadi. Kichik yosh toifasida xalqaro turnirlar kam bo‘ladi. Lekin o‘zimizda klublar miqyosida bo‘lsa ham ko‘proq turnirlar tashkil etsa bo‘ladi. Ayni paytda TJM terma jamoamizning xalqaro turnirlardagi ishtirokini ta’minlash maqsadida ish olib boryapti. Balki, o‘zimizda ham ana shunday musobaqalar o‘tkazilar.
Savol: Eshitishimizga qaraganda, terma jamoamiz mart oyida Yaponiyada o‘tkaziladigan xalqaro turnirda ishtirok etar ekan. Bu ma’lumotni tasdiqlaysizmi?
Javob: Ha. Rejaga ko‘ra, 23-30-mart kunlari Yaponiyada xalqaro turnir o‘tkaziladi. Ushbu musobaqaga bizning jamoamiz ham taklif etilgan. Ayni paytda hujjatlar bilan bog‘liq masalalar hal etilyapti. Ungacha Toshkentda ikkita o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi. Shu yig‘inlar orqali kunchiqar o‘lkaga boradigan tarkib aniqlanadi.
Savol: Musobaqada ishtirok etadigan jamoalar ma’lummi?
Javob: Bilishimcha, 10 ta jamoa taklif qilingan. Ular orasida biz va mezbonlardan tashqari, Eron, Afg‘oniston kabi terma jamoalar borligidan xabarim bor.
Savol: O‘smirlarimiz Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashib, JChga yo‘llanma olishi bilan futbol ishqibozlarini o‘rgatib qo‘ydi. Tabiiyki, muxlislar bu safar ham siz murabbiylik qilayotgan jamoadan ana shunday yuqori natijani kutadi...
Javob: Buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Yoshlarimiz singari o‘smirlarimiz ham so‘nggi yillarda Osiyo chempionatida yuqori natijalarni qayd etyapti. O‘smirlarimiz terma jamoalarimiz orasida ilk bor Osiyo chempioni bo‘ldi. Jahon chempionatida kuchli sakkiztalikka kiryapmiz. Aytmoqchimanki, terma jamoalarimiz «planka»ni yuqori qo‘ydi. Endi biz ham o‘shandan kam bo‘lmagan natija qayd etishimiz kerak. Maqsadimiz shu.
Izoh (0)