Eron milliy terma jamoasi Osiyo kubogining chorak finalida penaltilar seriyasiga ko‘ra yutqazib qo‘yganiga qaramay, musobaqani tark etishni istamayapti. Eron vakillari Iroq ustidan FIFAga shikoyat yozdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Iroq terma jamoasi safida Osiyo kubogida ishtirok etayotgan A’lo Abdulzahro 2014-yil boshida 6 oy davomida Eronning “Traktorsoziy” jamoasida o‘ynagan. O‘sha paytda Eron Antidoping qo‘mitasi uning organizmida doping moddasi (metelgeksanamin) borligini aniqlagan. Shundan so‘ng, Abdulzahro Iroqning “Ash-Shorta” jamoasiga o‘tib ketgan. Yarim himoyachi Osiyo kubogining chorak finalida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 65 daqiqa o‘ynagan.
Eron futbol federatsiyasi mazkur masala yuzasidan FIFAga ikkita maktub yo‘lladi. Terma jamoa hali Avstraliyani tark etgani yo‘q. Ular dushanbagacha Sidneyni tark etmoqchi emas. Aynan dushanba kuni Janubiy Koreyaga qarshi yarim final bo‘lib o‘tadi. Eron futboli rahbarlari ushbu masalani OFK bilan ham muhokama qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, organizmida metelgeksanamin moddasi topilgan futbolchi 6 oydan 24 oygacha futboldan chetlashtiriladi.
Eron terma jamoasi Iroqning musobaqadan chetlashtirilishidan va o‘zi yarim finalda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushishdan umid qilmoqda.
Izoh (0)