Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tayotgan iqtisodiy forumda eksperiment o‘tkazildi: dunyoning eng boy kishilari xarob mahallalarga joylashtirildi. Bu haqda “Segodnya.ua” xabar bermoqda. Bank direktorlari, yetakchi marketing kompaniyalari menejerlari, zargarlik kompaniyalari egalaridan Hindistonning xarob mahallalarida yashash uchun pul topishning eng keng tarqalgan usuli — qog‘oz xalta tayyorlash so‘raldi.
Ikki soat davomida xarob kulbalar sharoitida yashab ko‘rgan ishtirokchilar o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.
“Butun aqlingiz yashash uchun kurashga qaratilgan bir paytda bunday qashshoqlikdan chiqib ketish qanchalik mushkul ekanligini endi tushundim, — dedi Jahon banki moliyaviy direktori Pol Stayn. — Bunday holatda kishi atrof-muhitga bog‘liq bo‘lib qolar ekan”.
Dunyoning eng boy va nufuzli kishilarining Hindistondagi xarob mahallalar bilan nima ishi bor ekan, dersiz? Biroq yetakchi biznesmenlar global ravishda fikrlaydi va qashshoqlik beqarorlikni keltirib chiqarishi, natijada o‘zlari pul yo‘qotishini tushunadi. Davosdagi forumda bunga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh (0)