Osiyo kubogidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Sardor Rashidov “Interfutbol” nashriga intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu o‘yinda borini berib o‘ynagani uchun ko‘p futbolchilarning tomiri tortishib qolgan, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
“Xitoyga qarshi o‘yinda bizga nima bo‘lganligini tushunolmadik. Shu o‘rinda, aytishim kerakki, o‘tgan turdagi alamli mag‘lubiyat uchun muxlislar oldida aybdor edik. Shuning uchun bugun bor kuchimiz bilan o‘ynadik. Hammamiz 90 daqiqa ishtiyoq bilan o‘ynashga intildik.
Shaxsan men ham yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishga intildim. Qolaversa, bugun menga omad ham kulib boqdi. Aytishadi-ku omad kuchlilarga kulib boqadi, deb. Guvohi bo‘lganingizdek, futbolchilarimiz borini berib o‘ynaganidan aksariyatining tomirlari tortishib qoldi. Jumladan, meni ham o‘yin tugaganiga 1 soat bo‘layotgan bo‘lsa-da oyog‘im uvishib ketyapti (kuladi).
Endi tezroq jismoniy holatimizni tiklashimiz va tezroq bugungi g‘alabani unutib, chorak finalga munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. O‘ylaymanki, murabbiylarimiz bizni kelgusi o‘yinga, ya’ni koreyaliklarga mos tarzda tayyorlay oladi”, — dedi Rashidov.
Izoh (0)