Osiyo Futbol Konfederatsiyasi JCh — 2018 1-saralash bosqichi qur’asi sanasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, ushbu saralash bosqichiga qur’a tashlash marosimi 10-fevral kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Avvalroq Osiyo Futbol Konfederatsiyasi JCh — 2018 saralash bahslari mexanizmiga bir qator o‘zgartirishlar kiritgani va unga ko‘ra JCh — 2018 va OK-2019 saralash bahslari birlashtirilgani haqida ma’lumot berilgan edi.
OFK tasdiqlagan qarorga ko‘ra, JCh — 2018 Osiyo qit’asi saralash bahslari 1-bosqich o‘yinlaridan boshlanadi. Ushbu bosqichga qur’a tashlash marosimi esa 10-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur saralash bosqichida OFK reytinining quyisidan joy olgan jami 12 ta terma jamoa ikki o‘yindan iborat pley-off bosqichida ishtirok etadi.
Uy-safar tizimida o‘tadigan mazkur bosqich o‘yinlari 12 va 17-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu juftliklarda g‘alaba qozongan 6 ta jamoa esa navbatdagi bosqichga yo‘l oladi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasi JCh — 2018 saralashini 2-bosqichdan boshlaydi. Ushbu bosqichda 40 ta jamoa har bir guruhda 5 tadan 8 guruhga bo‘lingan holda kurashni davom ettiradi. Ushbu bosqichda ham har bir jamoa “uy-safar” tizimida bahslashadi. Ya’ni har bir guruhda jamoalar jami 8 tadan uchrashuv o‘tkazadi. Guruhdagi jamoalar soni toq bo‘lgani uchun har bir turda 2 tadan uchrashuv o‘tkaziladi va bir jamoa dam oladi.
OFK taqvimiga ko‘ra, ushbu guruh o‘yinlari 2015-yilning 11-iyunidan 2016-yilning 29-martigacha bo‘lib o‘tadi. Tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan sanalar esa quyidagicha: 11-iyun (1-tur), 16-iyun (2-tur), 3-sentabr (3-tur), 8-sentabr (4-tur), 8-oktabr (5-tur), 13-oktabr (6-tur), 12-noyabr (7-tur), 17-noyabr (8-tur), 24-mart (9-tur) va 29-mart (10-tur).
Guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 8 ta jamoa va eng yaxshi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan yana to‘rt jamoa Osiyo Kubogi — 2019 final bosqichiga avtomatik ravishda yo‘llanmani qo‘lga kiritadi va JCh — 2018 final bosqichi yo‘llanmasi uchun 3-saralash bosqichida kurashni davom ettiradi. Eslatib o‘tamiz, JCh — 2018 saralashning so‘nggi bosqichida avvlagilardek, 10 ta jamoa emas, balki 12 ta jamoa 6 tadan ikki guruhga bo‘lingan holda JCh — 2018 final bosqichi uchun kurash olib boradi. Ushbu guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan 4 ta jamoa esa JCh — 2018 final bosqichiga yo‘l oladi.
Ikkinchi saralash bosqichida so‘nggi o‘rinni egallagan jamoalar esa OK — 2019 final bosqichining qolgan 12 ta yo‘llanmasi 4 tadan 6 ta guruhga bo‘lingan holda kurashni davom ettiradi. Ushbu 6 ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar OK — 2019 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Avval xabar berilganidek, OK — 2019 final bosqichida avvalgidek 16 ta emas, 24 ta jamoa ishtirok etishi tasdiqlangan.
Izoh (0)