Toshkentda 2013-yil bahorida bir tanishi bilan uchrashgan ayol avtomashina sotib olish uchun AQSh dollari kerak bo‘layotganini aytib, bu borada yordam berishini iltimos qiladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Huquq” nashri.
Fuqaro “mijoz”ga yordam bera olishini aytib, xayrlashadi va amakisining o‘g‘li bilan uchrashib, xorijiy valyutani yetkazib berish borasida kelishib oladi. Telefon orqali ayirboshlash narxi kelishib olingach, amakivachchalar belgilangan manzilga yetib boradi. Ular “mijoz” bilan 13 000 AQSh dollarini 37 million so‘mga o‘tkazayotgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Yashnobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Shuningdek, amakivachchalardan qonunga xilof ravishda sotish uchun mo‘ljallangan 36 ming AQSh dollariga yaqin xorij valyutasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ayblanuvchilarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan miqdorida jarima belgiladi.
Izoh (0)