O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 23-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati haqida so‘z yuritdi.
“Bugungi kunda noan’anaviy tahdidlar xalqaro mojarolarning qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda va informatsion-psixologik xurujlar sezilarli xavf-xatar tug‘dirmoqda. Ular armiyamizning negiziga putur yetkazish, avvalo, uning ma’naviy-axloqiy asoslariga ta’sir o‘tkazishga urinish va shuningdek, zamonaviy internet texnologiyalardan foydalanish orqali bizning bunyodkorlik ruhidagi boy madaniyatimiz, ma’naviy qadriyat va an’analarimizga mutlaqo zid bo‘lgan buzg‘unchi g‘oya va tushunchalarni yoshlarimizning ongu tafakkuriga singdirishga qaratilgani bilan ayniqsa xatarlidir.
Shuning uchun mintaqamizda va butun dunyoda murakkab va oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat vujudga kelgan bir sharoitda hushyor va ogoh bo‘lish, erishilgan natijalardan xotirjamlik tuyg‘usiga berilmaslik, Qurolli Kuchlarimizni yanada izchil isloh qilish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlarimizni davom ettirish, chegaralarimizda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan barcha urinishlarning oldini olish borasida milliy armiyamizning tayyorgarligini kuchaytirish, biz tanlab olgan taraqqiyot yo‘liga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzkor harakatlarga o‘z vaqtida va munosib zarba berish o‘ta muhim, deb hisoblayman.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tinchliksevar siyosatiga hamisha sodiq bo‘lib kelganini va shunday bo‘lib qolishini yana bir bor ta’kidlash zarur. Bizning Harbiy doktrinamiz mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, Qurolli Kuchlarimizni mustahkamlash, birinchi navbatda, davlat suvereniteti va mamlakatimiz hududiy yaxlitligini, odamlarimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga yo‘naltirilgandir. Mamlakatimiz Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, bizning armiyamiz O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi harbiy harakatlar va operatsiyalarda ishtirok etmaydi”, − dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Izoh (0)