Osiyo Kubogi doirasida O‘zbekiston — KXDR terma jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvdan so‘ng (1:0) matbuot anjumani o‘tkazildi. Jurnalistlar bilan muloqotda avval Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi kelishi kutildi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi matbuot anjumaniga kirib keldi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: “Biz bu o‘yinda g‘alaba qozonishni juda istagandik. Afsuski, O‘zbekiston terma jamoasi ishtiyoq borasida bizdan ustun keldi. Biz o‘z xatomizni kelgusi uchrashuvda to‘g‘rilashga harakat qilamiz”.
Avstraliyalik jurnalist: Bu mag‘lubiyatdan so‘ng guruhdan chiqish imkoniyatingizni qanday baholaysiz?
Javob: Bizda hali ikki o‘yindan iborat imkoniyat bor va biz bu imkoniyatdan to‘liq foydalanishni maqsad qilganmiz.
Janubiy koreyalik jurnalist: O‘yinning so‘nggi daqiqasida gol urish uchun 100 foizlik imkoniyat bo‘ldi, ammo gol urilmadi. O‘sha vaziyatdagi holatingizni tushuntirib bersangiz?
Javob: So‘nggi soniyalarda omadimiz kelmadi. Ammo baribir natija bu natija bo‘lib qolaveradi. Endi biz barcha e’tiborni keyingi o‘yinga qaratamiz. Biz keyingi uchrashuvlarda hujumkor o‘yin namoyish etishni ko‘zlamoqdamiz. O‘shanda bunday imkoniyatlar bizda ko‘p bo‘ladi va afsuslanishga hojat qolmaydi.
Arab jurnalisti: Osiyo Kubogidagi eng asosiy raqiblar kim deb hisoblaysiz?
Javob: Menimcha, bu yerdagi ko‘plab terma jamoalar bizdan kuchliroq. Biz har bir o‘yinga barcha kuch va ishtiyoqimizni qaratishimiz kerak. O‘shanda biz g‘alabaga erishishimiz mumkin.
“Interfutbol” gazetasi bosh muharriri Axadxon Abduhamitov: Bugun O‘zbekiston terma jamoasidan nima kutgandingiz va yomg‘ir o‘yiningizga ta’sir o‘tkazdimi?
Javob: O‘yindan avval biz qarshi hujumlar asosida o‘ynashni maqsad qilib olgan edik. Ammo gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng ham mana shu taktikadan voz kechishni istamadim. Bu xato qaror edi. Yomg‘irga keladigan bo‘lsak, albatta u bizga halal berdi. Ko‘plab futbolchilarimiz yomg‘ir tufayli o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynay olmadi.
Xitoylik jurnalist: Keyingi uchrashuv Xitoy terma jamoasiga qarshi kechadi. Raqibingiz haqida qanday ma’lumotga egasiz?
Javob: Xitoy terma jamoasiga qarshi kechadigan o‘yin oson bo‘lmasligini bilamiz. Xitoy kuchli raqib va hozir bor xayolim mana shu uchrashuvga qaratilgan. Biz guruhda qolgan ikki o‘yinni munosib tarzda o‘tkazishimiz kerak.
Shu bilan KXDR terma jamoasi bosh murabbiyi Jo Tong Sop ishtirokidagi matbuot anjumani yakuniga yetdi. Yig‘ilganlar O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning tashrifini kutdi.
Izoh (0)