Checheniston rahbari Ramzan Qodirov rossiyalik muxolifatchi, YuKOS kompaniyasi sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiyni barcha musulmonlarning dushmani va o‘zining shaxsiy dushmani deb e’lon qildi. Bu haqda u Instagram’dagi sahifasida xabar qoldirdi, deb ma’lum qildi “Kun.uz”.
“Fransiya hukumati tergov va keskinlikning kuchayib ketishiga qarshi qaratilgan choralarni ko‘rish bilan band bo‘lgan bir vaqtda Xodorkovskiy barcha jurnalistlardan Parij nashri tajribasini takrorlash va karikaturalarni qayta chop etishga chaqirmoqda”, — dedi Qodirov.
“[Xodorkovskiyning] bu chaqirig‘i uni o‘qigan ko‘pchilik tomonidan salbiy kutib olindi, uni qoralashdi. O‘zining ahmoq harakatlari bilan Xodorkovskiy o‘z-o‘zini yo‘q qildi”, — dedi Checheniston rahbari.
“TASS”ning iqtibos keltirishicha, Xodorkovskiy bu so‘zlaridan so‘ng “o‘zini jahon musulmonlarining dushmani deb e’lon qilgan”. “Shunday ekan, u mening ham dushmanim. Uning sevimli Shveysariyasida bu qochoq jinoyatchini javob berishga majbur qila oladigan minglab fuqaro topilishiga ishonaman. Aftidan, uning tergovi qat’iy va og‘riqli bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, 7-yanvar, chorshanba kuni qurollangan shaxslar Parijdagi Charlie Hebdo hajv jurnali tahririyatiga bostirib kirib, otishma keltirib chiqargan, natijada 12 kishi, jumladan, 8 nafar jurnalist halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng rossiyalik taniqli muxolifatchi Mixail Xodorkovsiy barcha jurnalistlarni hamdardlik sifatida Parij jurnali karikaturalarini bosib chiqarishga chaqirgandi.
Izoh (0)