O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovida Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qism divizion komandiri, mayor Temur Hamroyev “Eng ilg‘or batalon komandiri” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilib o‘sgan Temur bolaligidan ko‘pchilik tengqurlari qatori harbiylikka havas qildi. 2005-yilda Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, yosh ofitserni Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismlardan biriga yo‘llashdi. Dastlab guruh, keyinchalik batalon komandiri bo‘ldi. 2010-yildan buyon divizion komandiri sifatida askar va serjantlarga o‘z bilim va tajribalarini o‘rgatib, Markaziy harbiy okrug va mamlakat miqyosidagi musobaqa va tanlovlar, madaniy tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda.
“2013-yilda ‘Eng ilg‘or mutaxassis’ tanlovida ‘Eng ilg‘or divizion komandiri’ yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan edik, — dedi Temur Hamroyev. — Bu yil ‘Eng ilg‘or batalon komandiri’ nominatsiyasida g‘olib bo‘ldik. Bunda katta leytenant Farrux Sotvoldiyev, Davlat Sharipov va kichik serjant Mansur Berdimurodovning munosib hissasi bor. Bundan tashqari, ikki yildan buyon harbiy qismimiz jangovar va ma’naviy tayyorgarlikda eng yaxshi, deb e’tirof etilmoqda”.
Ma’lumot o‘rnida, shu kunlarda harbiy qismda Vatan himoyachilari kuni oldidan xizmatchilar o‘rtasida “Vatan — ulug‘, burchim — muqaddas” shiori ostida turli tanlov va musobaqalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)