Yangi yil bayrami arafasida Farg‘ona viloyati Buvayda tumani tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezident rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, davolashning yangi texnologiya va usullarini keng joriy etish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Loyiha qiymati 3 milliard 440 million so‘m bo‘lgan ushbu binoning qurib foydalanishga topshirilishi ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir.
90 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur bo‘lim zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Natijada ichki xastaliklarni aniqlash, samarali davolash hamda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengaydi.
“2015-yilda ham bunyodkorlik ishlari davom ettirilib, yangi qabul diagnostika bo‘limi qurilishi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, tug‘ruq bo‘limi kapital rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan”, — dedi Buvayda tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Valijon Haydarov.
Izoh (0)