Toshkent shahridagi jamoat transportiga mas’ul bo‘lgan “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi 2015-yilda qator yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib oladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Mohir Valiyev so‘zlariga asoslangan “Poytaxt transporti” gazetasiga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Valiyevning ma’lum qilishicha, 2015-yilda harakat tarkibini yangilash maqsadida 100 ta yangi Isuzu rusumli avtobus xarid qilish rejalashtirilgan. “Shu vaqtga qadar avtobus saroylari va SamAvto o‘rtasida imzolangan shartnomalarga asosan 80 ta Isuzu xarid qilindi”, — dedi Valiyev.
Bundan tashqari, avtobus saroylari qoshida yo‘nalishli taksilardan iborat ixtisoslashtirilgan avtokolonnalar tashkil etish maqsadida 336 ta mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2014-yil davomida 7 ta avtobus saroyi qoshida yangi tashkil etilgan korxonalar uchun 20 tadan, jami 140 ta Cobalt L rusumli yengil avtomobil xarid qilindi. Ushbu avtomobillarga gaz uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ular 2014-yil 1-noyabrdan boshlab yo‘nalishsiz taksi sifatida ish boshlagan. Ushbu loyiha doirasida 160 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Izoh (0)