O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Davlat muzeyida “Mening armiyam — mening faxrim” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari ishtirok etdi.
Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash sifatini oshirish, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etishni takomillashtirish maqsadida “Mening armiyam — mening faxrim” tanlovi e’lon qilingan edi. Unda barcha viloyatlardan 60 dan ziyod ishtirokchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va ta’lim muassasalarida ushbu fanni o‘qitishga bag‘ishlangan axborot materiallarini taqdim etdi.
Hay’at a’zolari tanlovga taqdim etilgan materiallarni har tomonlama puxta o‘rganib chiqdi va saralab oldi. Ushbu materiallarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jarayoni, O‘zbekistonda tashkil etilgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik tizimining o‘ziga xos xususiyatlari batafsil aks ettirilgan. Tanlov ishtirokchilarining aksariyati oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy va hududiy kengashlarining yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari va harbiy mavzuni yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlardir.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” nominatsiyasida birinchi o‘rinni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti A. Sotvoldiyev egalladi. “Eng namunali harbiy sulola” nominatsiyasida Samarqand shahridagi Sartepa turizm va maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji o‘qituvchisi B. Ikromov g‘olib bo‘ldi. “Ma’rifat” gazetasi bo‘lim mudiri H. To‘ymanova va “Milliy tiklanish” gazetasi muxbiri Z. Ro‘ziyevaning maqolalari “Mardlar kasbi” va “O‘zbek yigiti — mustaqillik posboni” nominatsiyalarida eng yaxshi deb topildi.
Izoh (0)