20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Rossiya Federatsiyasining Federatsiya Kengashi delegatsiyasi qabul qilindi. Delegatsiyaga Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Ilyos Umaxanov rahbarlik qildi, deb xabar berildi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy saytida.
Delegatsiyani qo‘mita raisi O. Yusupov qabul qildi. Uchrashuv davomida O. Yusupov mehmonlarga istiqlol yillarida O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik yo‘lida qilinayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, har yili O‘zbekiston aholisining Haj va Umra, xristian o‘zbekistonliklarning esa Isroil, Rossiya, Gretsiyadagi qadamjolarga qilayotgan safarlarida turli mutasaddi tashkilotlarning uyg‘un holatda xizmat ko‘rsatishi, O‘zbekistonda qayta ta’mirlanayotgan yoki yangidan barpo etilayotgan masjidlarning qad ko‘tarayotgani va boshqa shu kabi xayrli ishlar bevosita O‘zbekiston hukumati amaliy ko‘magi bilan amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
O‘z navbatida mehmon ham O‘zbekistonning diniy sohadagi tajribasi dunyo hamjamiyati qatorida Rossiyada ham katta qiziqish uyg‘otayotgani, O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik, millatlar va dinlararo totuvlik masalalariga hukumat tomonidan yuqori darajada qaratilayotgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etishini e’tirof etdi.
Shuningdek, I. Umaxanov bugungi dunyoning qator mamlakatlarida dinni niqob qilib olgan turli ektsremistik va terroristik kuchlar o‘zlarining qabih maqsadlarida uyushtirayotgan qo‘poruvchiliklar to‘g‘risida to‘xtalar ekan, bu kabi mudhish va vayronakor kuchga qarshi kurashda dunyo hamjamiyati birdek harakat qilishi darkorligini ta’kidladi. Aynan shu yo‘nalishda O‘zbekistonning tajribasi katta ahamiyat kasb etishini aytib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik sohasi boshqa davlatlarga to‘laqonli namuna bo‘la olishi ham ta’kidlandi.
Suhbat oxirida O. Yusupov kuzatuvchilar ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Ikki tomonlama uchrashuv do‘stona ruhda o‘tdi.
Izoh (0)