Markaziy saylov komissiyasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va saylov okruglarida hamda O‘zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rinbosari S. Artikova ma’lum qildi.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha tuzilgan 135 ta saylov okrugidan 127 tasida bitta deputatlik mandati uchun 4 nafardan nomzod, 8 tasida 3 nafardan nomzod kurash olib bordi.
Markaziy saylov komissiyasi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga 20 million 789 ming 572 nafar saylovchining familiyasi kiritilib, saylovda 18 million 490 ming 245 nafar yoki saylovchilarning 88,94 foizi qatnashgan.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 113 ta saylov okrugida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, 21-dekabr kuni O‘zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 15 nafar deputati saylandi.
Ma’lum bo‘lishicha, saylangan deputatlar orasida iqtisodiyot sohasi vakillari 31 kishini, huquqshunoslar 33 nafar va ta’lim sohasi vakillari 26 kishini tashkil etgan bo‘lsa, ishlab chiqarish sohasidan 21 kishi, tibbiyot sohasidan 7 nafar, jamoat tashkilotlaridan 3 nafar, boshqa soha vakillaridan esa 7 kishi deputatlikka saylangan.
Izoh (0)