Bugun, 25-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:30 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Boeing-767-300BCF yuk havo kemasi Urumchi—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter qatnovini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz” Milliy aviakompaniyaning axborot xizmatiga tayanib.
Samolyot bortida jami og‘irligi 50 tonna bo‘lgan yuk keltirildi. Mazkur avialaynerni “Boing” uchuv otryadi komandiri o‘rinbosari, havo kemasi komandiri Boris Nikitin hamda ikkinchi uchuvchi Valeriy Kim boshqardi.
Yaqin orada ikkinchi Boeing-767-300BCF yuk avialayneri ham foydalanishga topshiriladi. Ushbu yuk samolyotlarida charter qatnovlar bilan bir qatorda, “Navoiy” xalqaro aeroportidan Dubay, Tyan-Szin, Frankfurt, Aktobe, Dehli shaharlariga haftasiga jami 13 ta qatnov bajarilishi rejalashtirilgan. Mazkur laynerning tijoriy yuklanishi 53 tonnaga teng. Ular to‘rtinchi darajadagi shovqin (Stage 4 noise level) bo‘yicha sertifikatlangan bo‘lib, tungi vaqtlarda parvozlarni amalga oshirish cheklangan, jumladan, London va Frankfurt kabi shaharlarning aeroportlariga qo‘nish va u yerdan uchish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 1996-yildan buyon aviatsiya texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi Boeing korporatsiyasining samolyotlarini muvaffaqiyatli ekspluatatsiya qilib kelmoqda. Shu davr mobaynida Milliy aviakompaniya aviaparki Boeing-757/767 kabi zamonaviy modifikatsiyadagi havo kemalari bilan to‘ldirildi, istiqbolda esa ikkita Boeing-787 Dreamliner — “Orzu layner”larini qabul qilib oladi.
Izoh (0)