JARda 2010-yil bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Ravshan Ermatov brigadasida yon qanot hakami sifatida ishtirok etgan Rafael Ilyasov ayni vaqtda Qozonda istiqomat qilmoqda. Tatariston chempionati bahslarida hakamlik qilayotgan Ilyasov O‘zbekiston terma jamoasi nima sababdan jahon chempionatiga chiqa olmayotganiga izoh berdi va Rossiya fuqaroligini olish niyati borligini bildirdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
— Siz tug‘ilib, voyaga yetgan O‘zbekiston nima sababdandir jahon chempionatiga chiqa olmayapti. Bunga sabab nimada, deb o‘ylaysiz?
— Sobiq ittifoq barham topgach UEFAdan a’zo bo‘lish taklifi tushdi. Masalan, Qozog‘iston bu taklifdan foydalanib qoldi. Ular OFKdan saralashda ishtirok etib, mag‘lubiyatga uchragach, darhol UEFAga o‘tib ketdi. OFKning bosh qarorgohi Malayziyada joylashgan bo‘lib, ular qishda Qozog‘istonda qanday iqlim bo‘lishidan mutlaqo bexabar. Shu sababli ham terma jamoa o‘yinini 4-yanvarga belgiladi. Bunday havoda o‘ynab bo‘larkanmi?
O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, sobiq ittifoq chempionatida orttirilgan tajriba bilan JChga chiqish mumkin, deb o‘ylashdi. Axir o‘sha vaqtlarda bizda Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirin kabi futbolchilar bor edi. Ammo baribir bu ishning imkoni bo‘lmadi. Keyin terma jamoaga xorij futbolchilarini jalb qilib ko‘rdilar. Yodimda, O‘zbekistonda Aleksey Polyakov, Oleg Pashinin va Vladimir Maminov kabi rossiyalik futbolchilar o‘ynagan edi. Ularga bir necha kunda fuqarolik berilgan. Darvoqe, menimcha Maminov bu taklifni qabul qilganidan bir necha bor afsuslangan. Chunki O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynagandan so‘ng uning o‘yini shu qadar ochilib ketdiki, Rossiya terma jamoasiga ham chaqirilgan bo‘lardi.
— Hozir siz Qozondasiz. Ishga joylashdingizmi?
— Qozonga kelganimdan so‘ng “Rubin” klubiga murojaat qildim va u yerda menga katta yordam qilishdi. Menga Qozonda yashash uchun ro‘yxatdan o‘tishda ko‘mak qilishdi. Buning uchun klub direktori Ayrat Garayevga katta rahmat. Ammo, afsuski, Rossiya fuqaroligini olishda turli byurokratik to‘siqlarga duch keldim. Federal Migratsiya xizmati menga Rossiya pasportini berishni kechiktirib kelmoqda. Buning uchun turli byurokratik jarayonlardan o‘tishim lozimligini aytishgan. Men butun hayotim davomida ham bu qadar ko‘p hujjat to‘plamaganman. Rossiya fuqaroligini olishda shu qadar ko‘p qog‘oz to‘pladimki...
Hozir men Rossiyada yashash uchun uch yillik ruxsatnoma olganman. Bir yildan so‘ng esa fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladigan pasport olaman. Men bir narsani tushunmayman, qanday qilib men — tatar millatiga mansub bo‘lgan va ota-onasi Qozon shahrida tug‘ilgan inson o‘z vatanimda qonuniy ro‘yxatdan o‘ta olmayman. Men bu yerda xonadon sotib oldim, rafiqam esa ishga joylashdi. Shu o‘rinda aytish joiz, u o‘z sohasida ancha kamyob mutaxassis va ancha katta foyda keltirishi mumkin. O‘zim ham bu yerda foydali ish olib borishim mumkin.
— Hozircha siz faqat Tatariston chempionati bahslarida hakamlik qilyapsizmi?
— Ha, shuning natijasida mening rus futboli bilan hamkorligim ancha cheklanib qolmoqda. Shunga ham munosib ko‘rgani uchun Tatariston chempionati hakamlar korpusi rahbari Radik Ahmadullinga katta rahmat. Menga bu musobaqa juda yoqdi. Barcha jamoalar faqat futbolga e’tibor qaratadi va boshqa narsa bilan ishlari yo‘q.
Tatariston chempionatidagi faoliyatim menga formamni ushlab turishda yordam bermoqda. Ammo Rossiya fuqaroligini olsam, Premyer liga bahslarida ishlay olgan bo‘lardim. Buning uchun tajriba va mahorat yetarli. Faqat byurokratik to‘siqlarni bartaraf qilsak bo‘lgani. Qachondir bu ish amalga oshar, ammo yosh o‘tib bormoqda.
Izoh (0)