Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda, katta shodiyona bilan nishonlashga Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Kimyogarlar” madaniyat saroyi maydoni, Alisher Navoiy nomidagi bog‘ hududi hamda shaharning boshqa diqqatga sazovor joylarida bunyod etilayotgan “Ertaklar shaharchasi”da Yangi yil bayrami tomoshalari 27-dekabr kunidan boshlanadi. Tadbir doirasida turfa o‘yinchoqlar, sovg‘alar, kitoblar, o‘quv qurollarining ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etilmoqda.
“Bayramda bolajonlar e’tiboriga teatrlashtirilgan tomoshalar, sirk, yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert va musiqiy dasturlar havola etiladi, — dedi Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Malohat Egamnazarova. — O‘quvchilar uchun turli qiziqarli viktorinalar, intellektual bellashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan”.
Shu kunlarda shahardagi savdo majmualari, korxona va tashkilotlar atrofi, ko‘cha va yo‘l chetlaridagi archalar bayramona yasatilmoqda. Daraxtlar va binolarga rang-barang chiroqlar o‘rnatilmoqda.
Mahalla va bozorlar hududida tashkil etilayotgan bayram yarmarkalarida turli qishloq xo‘jalik mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda.
Bayram sayli tarzida o‘tkaziladigan Yangi yil shodiyonalari Toshkent viloyatining boshqa shahar va tumanlarida, madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarda ham tashkil etilmoqda. Mazkur jarayonda ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Izoh (0)