2014-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Bu haqda partiya rasmiy saytida ma’lum qilingan.
Unda O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov partiyaning saylovdagi ishtiroki haqida axborot berdi.
“Saylov natijalari bo‘yicha munosabat bildirishdan oldin saylov bilan bog‘liq jarayonlarga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Avvalo, mamlakatimizda istiqlol yillarida fuqarolar, siyosiy partiyalarning saylovda erkin, faol ishtirok etishi uchun xalqaro mezonlarga javob beradigan tashkiliy-huquqiy sharoit yaratilganini ta’kidlash zarur. Shuning uchun bu galgi saylov har jihatdan yuqori darajada va keskin kurashlar ruhida o‘tdi.
Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, saylovoldi targ‘iboti davomida partiyamiz g‘oyasi hamda dasturiy maqsadlarini mamlakatimiz jamoatchiligi, saylovchilarga har doimgidan kengroq targ‘ib qilishga erishildi. Bu jarayonda partiyamiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy samaradorligini yanada yuksaltirishni ustuvor yo‘nalish qilib oldi.
Aytish joizki, saylovchilar bilan o‘tgan muloqotlar va uchrashuvlar davomida partiyamizning qator g‘oyalari bugungi kun talablariga mos ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik, ishonchimizni mustahkamladik. Eng muhimi, xalqimiz partiyamiz Saylovoldi dasturini faol qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida partiyamiz 21 ta o‘rin olishga erishdi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida esa sezilarli ustunlikka erishdik.
Aytish joizki, biz o‘z oldimizga katta vazifalar qo‘ygan edik va ularga erishish yo‘lida qonun talablariga rioya etgan holda targ‘ibot ishlarini olib bordik. Lekin boshqa ayrim siyosiy partiyalar faoliyatida saylovning qonuniylik va adolatlilik kabi asosiy tamoyillariga to‘liq rioya qilmaslik holatlari kuzatildi. Xususan, O‘zLiDeP targ‘ibot-tashviqot jarayonlarida qonunni chetlab o‘tgan hollar ko‘zga tashlandi.
Saylovda yanada yuqori o‘rin egallay olmaganimiz sababini mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalana bilmaganimizda, deb hisoblaymiz. Holbuki, a’zolarimiz, xayrixohlarimiz, tarafdorlarimiz va boshlang‘ich partiya tashkilotlarimiz sonidagi ustunlik orqali bunga erishish mumkin edi.
Shundan kelib chiqib, 2015-yilning 4-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan takroriy saylovlarga qattiq tayyorlanib, ko‘proq o‘rin olish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — dedi partiya yetakchisi.
Izoh (0)