O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida 2014-yilning 13-dekabr kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ning jismoniy reabilitatsiya usullari bo‘yicha mutaxassisi, volontyor Kashivagi Minori xonim o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.
Minori xonim Yaponiyaning Xoyyukay Takeoka gospitalida besh yil ishlagan va jismoniy usullar yordamida davolovchi (terapevt) diplomiga ega.
Jismoniy usullar yordamida davolash – MDH davlatlari uchun yangi mutaxassislikdir. Jismoniy usullar yordamida davolash ko‘plab g‘arb davlatlarida mavjud. Bu mutaxassislik uqalovchi yoki davolash badan-tarbiya yo‘riqchisi emas, balki jismoniy usullar yordamida davolovchi mutaxassis funksional usullar bilan, avvalo harakat funksiyalari buzilishini davolash bilan shug‘ullanadigan va buning uchun dori-darmonlardan foydalanmasdan, aksincha jismoniy mashqlar, manual terapiya, uqalash va turli tabiiy omillarning ta’siri, shuningdek qo‘shimcha reabilitatsiya texnik vositalaridan foydalanadigan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, ushbu mutaxassis kasalliklarning ikkilamchi asoratlarini oldini olishga yo‘naltirilgan kundalik faoliyat dasturini tuzadi, kerakli asbob-uskunalar va odatda uy sharoitida qo‘llaniladigan buyumlardan vosita sifatida kundalik jismoniy mashqlarni bajarish uchun tabiiy sharoitda foydalanishga o‘rgatadi. Bundan tashqari, mutaxassis yordamchi moslamalarni shunday moslashtiradiki, natijada ular odamning bo‘yi, vazni va imkoniyatlariga munosib ravishda bo‘ladi, lozim bo‘lganda mustaqil holda oddiy moslamalarni tayyorlaydi va bemor yoki uning yaqinlarini o‘rgatadi.
Shu sababli, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslarni reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish uchun jismoniy usullar yordamida davolashni amaliyotga joriy etish juda muhimdir. Minori xonim uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda nogironlar uchun hududiy reabilitatsiya markazlarining xodimlarini jismoniy usullar yordamida reabilitatsiya qilish usullariga o‘rgatish, keyinchalik olgan bilimlarini markazlarning kundalik faoliyatiga tatbiq etishlariga mas’ul hisoblanadi. Bundan tashqari, Minori xonim harakatlanish tizimida cheklanishlar bo‘lgan bemorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi, tashxis qo‘yadi va yakka tartibda yordam ko‘rsatish dasturlarini tuzadi hamda bemorning o‘zini va yaqinlarini o‘rgatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va JICA ko‘p yillar davomida samarali hamkorlik qilib kelmoqdalar. Keyingi 5 yil mobaynida JICA yo‘llanmasi bo‘yicha vazirlik tizimida uchta volontyor-ekspert reabilitologlar muvaffaqiyatli faoliyat olib bordilar. Ulardan ikki nafari bevosita Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida ish yuritganliklari, reabilitatsiya xizmatining sifatini yanada yaxshilanishiga yordam berdi. JICA grant yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan 60 ga yaqin tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazining faoliyatida foydalanilmoqda. Masalan, taqdim etilgan apparaturalar, jumladan endoskop, elektromiograf va artroskop shifokor reabilitologlarning amaliy faoliyatida muhum hisoblanadi, umurtqa pog‘onasi disk churrasini bartaraf etish, tizza va chanoq-son bo‘g‘imi, oyoq-qo‘ldagi harakat buzilishlarida jarrohlik muolajalarini ancha yengillashtiradi.
Shuningdek, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyati mintaqaviy reabilitatsiya markazlariga jami 240 ming AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar taqdim etilgan.
Izoh (0)