Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatish natijalari bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi 19−22-dekabr kunlari parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan monitoring olib bordi. Matbuot anjumanida missiya kuzatuvchilarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni kuzatish natijalari bo‘yicha bayonotini missiya rahbari, ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Mahmadsharif Xaqdodov o‘qib eshittirdi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, “saylov kampaniyasi doirasidagi barcha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qat’iy muvofiq ravishda ochiq va oshkora o‘tdi. Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng va keng imkoniyatlar yaratildi. Partiyalar saylovchilar bilan mustaqil uchrashish imkoniga ega bo‘ldi”.
Ovoz berish va saylov yakunlarini sarhisob qilish jarayonini xolis baholash maqsadida missiya Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan uchastka saylov komissiyalarining faoliyati bilan tanishdi. Saylov kuni missiya poytaxtimizda, shuningdek, Toshkent viloyatining shahar va aholi punktlarida 2014-yil 21-dekabrda ovoz berish uchun mahalliy vaqt bilan soat 6:00 dan 20:00 gacha ochiq bo‘lgan 73 saylov uchastkasida bo‘ldi.
“Ta’kidlash joizki, saylov uchastkalarining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi talablariga binoan tashkil etildi. Ovoz berish davomida mamlakat fuqarolarining faolligi kuzatildi”, – dedi kuzatuvchilar.
Missiya vakillari saylov uchastkalarining yopilishida ham ishtirok etdi. Mazkur jarayonlarda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni buzilishi holatlari Missiya tomonidan aniqlanmadi.
Missiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarga muvofiq ravishda o‘tkazildi, deb hisoblaydi. Missiyaning fikricha, saylov ochiq, oshkora va demokratik ruhda o‘tdi.
Islom hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi ham O‘zbekiston parlamenti quyi palatasiga saylov monitoringi bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Matbuot anjumanida missiya rahbari, Islom hamkorlik tashkilotining siyosiy masalalar bo‘yicha departamenti direktori Ali Abolhassaniy saylovni kuzatish doirasida missiya a’zolari Markaziy saylov komissiyasida uchrashuvlar o‘tkazgani, poytaxtimizda joylashgan okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyati bilan tanishgani, saylovchilar bilan muloqotda bo‘lib, Buxoro viloyatidagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatganini ta’kidladi.
“Saylov yuksak saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi saylovga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rgan va bu saylov davomida yorqin namoyon bo‘ldi. Saylov milliy qonunchilik talablari va xalqaro normalarga muvofiq adolatli va demokratik ruhda o‘tdi. Mamlakat fuqarolarining ushbu muhim siyosiy voqeada faol ishtirok etgani bizni hayratlantirdi. Biz borib ko‘rgan har bir saylov uchastkasida saylovchilar juda ko‘p bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazovorki, ular orasida saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlar ham ko‘p edi. Fuqarolarning bunday muhim siyosiy voqeaga qiziqishi va javobgarlik tuyg‘usi yuksalib borayotganini his etdik”, – dedi missiya rahbari.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyasining matbuot anjumanini missiya rahbari, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev boshqardi. U O‘zbekistonda erkin va demokratik saylovni ta’minlash uchun ko‘rilgan chora-tadbirlarga yuksak baho berdi va mamlakatimizda shakllangan me’yoriy-huquqiy baza saylovni yuksak saviyada o‘tkazish imkonini berishi, shuningdek, saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning erkin xohish bildirishi, ovoz berishi va ovozlarni sanab chiqish jarayonining oshkoraligini ta’minlash uchun barcha zarur sharoit yaratilganini qayd etdi.
“O‘zbekiston xalqini saylovda faol ishtirok etgani bilan tabriklayman. Ular mamlakatda siyosiy institutlarning rolini oshirish uchun o‘zining yuksak mas’uliyatini bu jarayonda faol ishtirok etishi bilan namoyish qildi. MDH kuzatuvchilari missiyasi nomidan saylov yuksak saviyada tashkil etilgani va transparentlik asosida o‘tganidan qoniqish hosil qilganimizni bildirmoqchiman. Ushbu saylov O‘zbekistonda demokratiyani yanada mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonchimiz komil”, – dedi missiya rahbari.
Izoh (0)