2014-yilning 17-dekabr kuni Jizzax shahar hokimligida BMT Taraqqiyot Dasturining “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi tomonidan 2010—2013-yillarning birinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlar tahlili va 2014—2017- yillardagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Jizzax shahri va tumanlar hokimliklari mutaxassislari, viloyat faollari ishtirok etgan tadbirda viloyatda mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirish, elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish, aholini davlat boshqaruvi organlari faoliyati haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash, davlat xizmatlari sifatini oshirish va boshqa sohalarda olib borilgan ishlar, uning samaralari tahlil etildi.
“Bundan 4 yil avval boshlangan mazkur loyihaning maqsadi davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalash, mahalliy boshqaruv organlari hisobdorligi va ularning faoliyati ochiqligini ta’minlash, hududlarni rivojlantirishdir. Loyiha yo‘nalishlari birinchi bosqichda Namangan va Jizzax hamda ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatlarida namunaviy tarzda amaliyotga tadbiq etilmoqda, — dedi loyiha menejeri Dilshod Isroilov. — Aynan ushbu loyihaning birinchi bosqichi doirasida Jizzax va Namangan viloyatlarida 6 ta axborot xizmati tashkil etilib, eng so‘nggi turdagi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida elektron hujjat aylanish tizimi o‘rnatildi. Bundan tashqari, Jizzax va Namangan shaharlarida ‘Yagona oyna’ markazlari o‘z faoliyatini boshladi”.
Tadbirda, shuningdek, loyiha doirasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha muloqot o‘rnatish, mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyati haqida aholining xabardorligini, davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, mintaqaviy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda NNT va xususiy sektor ishtirokini ta’minlash borasida yaxshi samaralarga erishilgani alohida qayd etildi.
Taqdimotda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi ikkinchi bosqichining asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar borasida yig‘ilganlarga atroflicha axborot berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
Izoh (0)