AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Diyego shahri hayvonot bog‘ida shimol oq karkidonining Yer yuzida saqlanib qolgan oxirgi erkagi vafot etdi, deb xabar bermoqda Los Angeles Times. 1980-yillar oxirida Sudandan keltirilgan Angalifu laqabli karkidon 44 yoshida tabiiy o‘lim topgan.
Zoologlar ushbu noyob hayvon turini saqlab qolishga umid qilib, uning oldiga Nola laqabli urg‘ochi karkidonni olib kelishgan edi. Biroq tutqunlikda ular nasl qoldira olmadi. San-Diyego atrof-muhitni tadqiq va muhofaza qilish instituti xodimlarida o‘lgan karkidonning urug‘lari qolgan bo‘lib, ular yordamida Yer yuzida saqlanib qolgan boshqa shimol oq karkidoni urg‘ochilaridan nasl olish uchun foydalanishga umid qilishmoqda. Bunday urg‘ochi karkidonlarning uchtasi Keniyada yashasa, yana biri Chexiyadagi hayvonot bog‘ida saqlanadi.
Karkidonlarning ushbu turi 1960-yilda 2250 tani tashkil etgan, biroq brakonyerlik oqibatida ularning soni yo‘qolib ketish darajasigacha kamayib ketgan. Uning shoxi davolovchi xususiyatlarga ega deb hisoblangani uchun qora bozorda narxi qimmat turishi qayd etilgan. Shimol oq karkidoni janublik qarindoshidan kattaroq bo‘lib, quruqlikda yashovchi hayvonlar ichida fildan keyin ikkinchi eng yirik jonivor hisoblanadi.
Izoh (0)