Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi sobiq bosh qo‘riqchisi Mirfayzi Usmonovni to‘qqiz yilu uch oyga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi. Bu haqda, “Huquq” gazetasiga asoslanib, “Gazeta.uz” ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Xabar berilishicha, Usmonov va muzeyning bir qator boshqa xodimlari 1999−2014-yillar davomida muzey kolleksiyasidan ko‘plab noyob san’at asarlarini sotib yuborishda va shu yo‘l bilan davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda aybdor deb topilgan.
Usmonov 1999-yil dekabrida muzeyning bosh qo‘riqchisi etib tayinlangan. 2000-yil boshida esa u shaxsi tergov davomida aniqlanmagan shaxslarga rassomlar – Oganes Tatevosyan, Aleksandr Nikolayev, Nikolay Karaxan, Rixard-Karl Zommer, Viktor Ufimsevning muzeyda saqlanayotgan suratlarini olib chiqib berishga va’da beradi.
Muzey restavratori Abdurahmon Muranov va lavozimi ma’lum qilinmagan fuqaro Bobur Meliyev bilan til biriktirgan holda, 2000-yil yanvarida Nikolayevning “Bolaning rasmi” suratini noma’lum shaxslarga 100 dollarga sotib yuborishadi va eksponat nusxa-surat bilan almashtirib qo‘yishadi. Xuddi shu yilning o‘zida xuddi shu yo‘l bilan Tatevosyanning “Choyxona”sini 800 dollarga sotishgan.
Oradan yetti yil o‘tib – 2007-yil martida xuddi shu uchlik noma’lum shaxslarga Nikolayevning “Meva olib ketayotgan qiz” suratini 400 dollarga, oradan ikki yil o‘tib Karaxanning “Hovuz bo‘yidagi qizlar”ini 800 dollarga sotib yuboradi.
2009-yilda Usmonov boshchiligidagi guruh Zommerning “Tog‘ daryosidagi ko‘prik” va “Kabobxona”, Tatevosyanning “Buxoro” va “Dengiz” suratlarini qalbakilashtirib, asl suratlarni jami 2,6 ming dollarga sotib yuborgan.
Guruh mo‘yqalamda ishlangan suratlar bilan cheklanib qolmay, muzeyda saqlanayotgan tarixiy fotosuratlarni ham pullab yuborgan. Xususan, tarixiy yodgorliklarning Saudiya Arabistoniga tegishli fotoalbomi 300 dollarga sotib yuborilgan.
Tergovning aniqlashicha, ushbu noqonuniy faoliyatga muzeyning boshqa xodimlari ham jalb etilgan. Jumladan, eksponatlarni qayta tiklash laboratoriyasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Botirov bilan til biriktirgan holda, Yevropa tasviriy va amaliy san’at bo‘limi zahirasidagi 25 dan ortiq suratlarning nusxalari ishlanib, asllari sotib yuborilgan. Ular orasida – Arxip Kuinjaning “Oy oqshomi”, Yan Feytning “Qush sotuvchi”, Lorenso di Kredining “Madonna chaqaloq va farishtalar bilan” suratlari va boshqalar bor.
Sud qaroriga asosan, Muranov va Botirov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan, eksponatlarni qalbakilashtirish va sotishda ishtirok etgan muzeyning boshqa xodimlari ham tegishli jazolarni olgan.
“Muzey xodimlari tomonidan sotib yuborilgan asarlarning taqdiri haqida gazetada axborot berilmagan”, – deyiladi «Gazeta.uz” xabarida.
Izoh (0)