O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytining “Konsullik masalalasi” bo‘limiga O‘zbekiston fuqarolarining biopasport rasmiylashtirishi to‘g‘risida yangi ma’lumotlar kiritildi. Bu haqda Vazirlik o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilgan.
“Kun.uz” TIV saytining bu masalaga bag‘ishlangan sahifasiga tayanib ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti respublika hududida ham, tashqarisida ham pasport egasining shaxsi va uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlaydigan hujjat sanaladi.
ICAO (Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti) tavsiyalari asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti tug‘ilgandan to bir yoshga to‘lguncha ikki yillik muddatga; bir yoshdan to o‘n olti yoshga yetguncha besh yillik muddat bilan rasmiylashtiriladi. Bunda pasportning amal qilish muddati fuqaroning 16 yoshidan oshmasligi kerak. 16 yoshdan esa pasport 10 yil muddatga beriladi.
Istisnoli holatlardagina, respublikadan chetga chiqayotganda yoshi 15 yoshdan oshgan bo‘lsa, pasport 16 yoshga to‘lmagan shaxsga 10 yilga berilishi mumkin.
Fuqaro boshqa davlatlarga uzoq muddatga ketayotganda pasportning amal qilish muddati bir yildan kamroq bo‘lsagina almashtirilishi mumkin.
Biometrik ma’lumotli pasportlar belgilangan namuna bo‘yicha tayyorlanadi va ICAO tavsiyalariga muvofiq lotin yozuvida o‘zbek va ingliz tillarida yoziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun esa — qoraqalpoq, o‘zbek va ingliz tillarida shaxsiylashtiriladi.
Yangi pasportga suratlar yopishtirish o‘rniga chop etish yo‘li bilan kiritiladi, bu uning qalbakilashtirishdan himoyalanganlik darajasini oshiradi.
Shuningdek, TIV saytidagi sahifada fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalarida biometrik pasport berilishi tartibi ham keltirilgan.
Izoh (0)