Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangan 506 nafar jismoniy shaxsdan 69,2 million so‘m miqdorida jarima undirildi. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti axborot xizmatiga asoslanib “Uz24.uz” xabar bermoqda.
2014-yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan, Respublika YHXBB hamda mahalliy soliq idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 121 ta qo‘shma reyd tadbirlarida litsenziya talab va shartlari buzilishi bilan bog‘liq 703 holat aniqlandi, 876 holatda esa tegishli litsenziya bo‘lmagani holda yo‘lovchi va yuk tashish faktlari qayd qilindi.
Mazkur faktlar yuzasidan 506 nafar jismoniy shaxsning noqonuniy faoliyatiga doir ma’lumotlar soliq organlariga yuborilib, pirovardida sud orqali ularga jami 69,2 million so‘m miqdorida jarima solindi.
Agentlik tomonidan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan 19 ta qo‘shma reyd davomida ham bu faoliyat bilan noqonuniy shug‘ullangan 36 nafar jismoniy shaxs aniqlandi. Ular tegishli litsenziya varaqalarisiz, ya’ni g‘ayriqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi qayd etildi. Huquqbuzarlik faktlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun soliq idoralariga havola qilindi.
Izoh (0)