2-dekabr kuni Respublika kinochilar uyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida tasvirga olingan “Bunyodkorlik epopeyasi”, “Chempion oilalar” va “Qo‘shiqqa aylangan umr” hujjatli filmlarining OAV vakillari uchun namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi.
Namoyishdan so‘ng mazkur filmlar ijodkorlari ishtirokida matbuot konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalq hofizi Ma’murjon Uzoqov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlab tasvirga olingan “Qo‘shiqqa aylangan umr” hujjatli filmi uning hayoti va ijodidan hikoya qiladi.
Hofizning qizi Zuhroxon Uzoqovaning hikoya qilishicha, hofizdan, bor-yo‘g‘i, 30 ga yaqin fotosurat saqlanib qolgan. “Ma’murjon Uzoqov haqida shu paytgacha birorta ham hujjatli film ishlanmagan. Shuning uchun uning hayotiga oid ayrim sahnalarni Qo‘qon shahridagi drama teatri aktyorlari ishtirokida sahnalashtirishga to‘g‘ri keldi”, — dedi u.
Tadbirda “Sog‘lom bola yili” davlat dasturiga kiritilgan “Chempion oilalar”ning ssenariy muallifi Zabarjad Bobojonova mazkur hujjatli film shaxmat bo‘yicha bir necha bor jahon va Osiyo chempionlari bo‘lgan Sindorov va Abdusattorovlar oilalarining farzandlari haqida hikoya qilishini qayd etdi.
“Bunyodkorlik epopeyasi” filmida mohir fotograf Abdug‘ani Jumaning Toshkent shahridagi uchta yirik obyektning qurilish jarayonini fotosuratlarga qanday muhrlagani hikoya qilinadi.
Tez orada uchala hujjatli film ham katta va zangori ekranlarga chiqadi.
Izoh (0)