Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boshlangan futzal bo‘yicha Tashkent Cup−2014 xalqaro musobaqasining dastlabki bahsida O‘zbekiston futzal terma jamoasi Belarus bilan durang o‘ynadi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Birinchi bo‘limda har ikkala jamoa himoyada yaxshi o‘ynadi va darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Belarus darvozasiga penalti belgilandi. Dilshod Rahmatov 6 metrli jarima zarbasini golga aylantira olmadi — zarbani darvozabon qaytardi.
Oradan ko‘p o‘tmasdan Rahmatovning o‘zi xatosini to‘g‘irladi: u o‘zi boshlagan hujumni yakuniga yetkazib, hisobni ochdi. Shundan so‘ng belaruslar hujumkorlikni oshirishi natijasida vakillarimiz himoyada o‘ynashga majbur bo‘ldilar. Orqa chiziqda yo‘l qo‘yilgan ko‘plab xatolar natijasida hisob tenglashdi. Farhod Abdumavlonov o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi.
Bundan avval bo‘lib o‘tgan o‘yinda Qozog‘iston Ozarbayjon ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
2-dekabr kuni Ozarbayjon−Belarus, O‘zbekiston−Qozog‘iston o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)