Buxoro viloyatidagi beshik to‘yi kechgacha davom etdi. To‘yning yaxshi o‘tganidan dimog‘i chog‘ xonadon sohibi mehmonxonasida alohida dasturxon tuzattirib, oshna-og‘aynisini ichkariga taklif qildi. Shishadagi “shayton suvi” o‘tirganlardan ba’zilarini aqldan ozdirib, zo‘ravonga aylantirdi. Avval tilga, keyin mushtga zo‘r berildi, deb xabar qilmoqda “Huquq” gazetasi.
Mehmonga kelgan kishi uy egasining ukasi bilan tortishib qoldi. Uning “Men qilgan ishni otang ham qilmagan”, — deb aytgan bir og‘iz gapi davradagilarning g‘ashiga tegdi. G‘avg‘o kattalashmasligi uchun gap talashganlarni uylariga chiqarib yuborishdi. Uy egasining ukasi bilan tortishgan mehmonni ham mashinasiga mindirib jo‘natishdi.
Qishloq ko‘chasidan ketayotganida yigitlardan biri mazkur mehmonning Lacetti’si biqiniga tepib pachoqladi. Bu ishni to‘y qilgan uy egasining ukasidan ko‘rgan mehmon jahl otiga mindi.
Mojarodan xabar topgan akalar garchi bu ish ukasining ishi bo‘lmasa-da, mashinaning pachoq bo‘lgan joyini tuzatib berishga kelishdi. Biroq mehmonning ko‘ngli to‘lmadi, tortishgan odamining ta’zirini berish payida bo‘ldi. Uyiga kelib, so‘kina-so‘kina oshxona pichog‘ini olib chiqib ketganini xotini ko‘rib qoldi. Bir noxushlikni payqagan ayol qaynotasinikiga yugurdi.
Mehmon tortishgan odamini qarindoshining hovlisida turganini ko‘rib, uni imlab ko‘chaga chaqirdi. Ikki shirakayfning ko‘cha chetida gap talashganini hech kim ko‘rmadi. Mehmon qo‘ynidagi pichoqni suhbatdoshining bo‘yniga sanchdi. Bunday hujumdan gandiraklab qolgan fuqaro chakkasiga tushgan keyingi zarbalarni sezmadi.
Qarindoshlari uni izlab kelgunicha uyqu arteriyasiga yetkazilgan jarohat sabab ko‘p qon yo‘qotgan fuqaro vafot etdi. Janjallashgan mehmon esa bu qotillik uchun sud hukmi bilan 13 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)