Fransiyadagi Grenobl shahri meri Erik Pel 2015-yil yanvaridan boshlab ko‘chalarga istalgan turdagi tashqi reklamalarni joylashtirish shahar kengashi tomonidan taqiqlanishini ma’lum qildi. Munitsipalitet rejalariga muvofiq, shahardagi 326 ga yaqin reklama taxtalari, shu jumladan, 64 ta billbord olib tashlanadi. Bu haqda The Telegraph’ga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Grenobl shahri dunyodagi eng yirik tashqi reklama operatorlaridan bo‘lgan JCDecaux kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani bekor qiladi. Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, shahar JCDecaux bilan reklama bo‘yicha shartnomani keyingi yilda uzaytirmasa, 600 ming yevro yo‘qotishi mumkin.
Shahar ma’muriyati reklama maydonchalari o‘rniga jamoat joylari tashkil qilish hamda daraxtlar o‘tkazishni mo‘ljallamoqda. Mansabdor shaxslar ayni damda reklama bilan band bo‘lgan hududlarga 50 ga yaqin daraxt ekishni rejalashtirmoqda. Mazkur rejalar amalga oshirilsa, Grenobl Yevropaning tashqi reklamasi bo‘lmagan birinchi shahriga aylanadi.
Shunga qaramay avtobus bekatlaridagi reklamalar saqlab qolinishi qayd etildi. JCDecaux bilan bunday turdagi reklamalarni joylashtirish bo‘yicha tuzilgan shartnoma o‘z yakuniga 2019-yilda yetadi.
Ma’lumot uchun, Braziliyadagi San-Paulu shahri ham 2006-yilda reklamalarni taqiqlab, mahalliy tadbirkorlarning g‘azabiga duchor bo‘lgan.
Izoh (0)