O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, jamoat tuzilmalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Parlament komissiyasi raisi A. Saidov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili izchillik bilan amalga tatbiq etilishi natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqei tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda 8 mingdan ortiq NNT jamiyatimizning turli sohalarida faol ish olib bormoqda. Ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, loyihalarini takomillashtirish, jamiyatimizdagi demokratik islohotlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarga oid loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda besh marotaba davlat granti tanlovlari o‘tkazildi.
Yoshlarning intellektual-ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, o‘g‘il-qizlarni sportga keng jalb etish uchun zarur sharoit yaratish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, atrof-muhitni muhofazalash, aholi salomatligini mustahkamlash va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda NNTlarning 130 loyihasi g‘olib deb topildi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘ndan ortiq ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Ushbu tanlovlar g‘oliblarining loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 milliard 108 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Tadbirda davlat granti va ijtimoiy buyurtma bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
Izoh (0)